Tramp Hormuz bo‘g‘ozida qulagan vertolyot uchuvchilarining ahvoli yaxshi ekanini aytdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozida halokatga uchragan vertolyot uchuvchilarining ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qildi. Tramp bu bayonotni dushanba kuni kechqurun, Nyu-Yorkda NBA finalini tomosha qilgach, Jon Kennedi xalqaro aeroportida jurnalistlarga bergan qisqa intervyusida aytib o‘tdi.
The New York Times nashrining yozishicha, AQSh armiyasiga tegishli "Apache" hujumkor vertolyoti bo‘g‘oz yaqinida noma’lum sharoitda qulab tushgan. Hozircha vertolyot Eron tomonidan urib tushirilganmi yoki texnik nosozlik tufayli halokatga uchraganmi — aniq emas.
Ushbu hodisa dushanba kuni Eron va Isroil o‘rtasida yuz bergan o‘q almashish ortidan sodir bo‘ldi. Bu esa Eron urushidagi mo‘rt tinchlik shartlarini mustahkamlashga qaratilgan muzokaralarni xavf ostiga qo‘ymoqda.
Hozircha Oq uy, AQSh Davlat departamenti va Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) vaziyat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.














