Rasmiylarning ma’lum qilishicha Kiyev yirik ballistik raketa hujumiga uchradi va hujumlar oqibatida kamida besh kishi yaralandi.
Ukraina poytaxtida kuchli portlash ovozlari eshitilar ekan, hukumat hududi yaqinidagi turar joy binosi larzaga keldi. O‘nlab inson shahar markazidagi metro bekatida jon saqlashga urindi.
Kiyev shahar Harbiy ma’muriyati rahbari Timir Tkachenko mavzu haqida Telegram orqali bergan bayonotida: «Poytaxt kuchli ballistik raketa hujumiga uchradi», — dedi.
Shahar meri Vitaliy Klichko esa besh kishi yaralangani, ulardan biri shifoxonaga yotqizilganini bildirdi. U, shuningdek, Shevchenkivskiy, Dniprovskiy va Podilskiy tumanlarida yong‘inlar yuzaga kelgani hamda turar joylarga ziyon yetganini ma’lum qildi.
Ukraina rasmiylari bilan AQShning Kiyevdagi elchixonasi, Rossiya nazoratidagi Ukraina sharqida uyushtirilgan va ko‘plab inson umriga zomin bo‘lgan hujumlar uchun mas’ullar jazolanishini bildirdi.
Shanba kuni ham Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda AQShning Kiyevdagi elchixonasi, Rossiyaning yirik havo hujumi xavfi haqida ogohlantirgan edi.
Zelenskiy mavzu haqida bergan bayonotida: «Biz Oreshnikni ham o‘z ichiga olgan turli xil qurollar bilan Kiyevni ham o‘z ichiga oluvchi Ukraina hududiga qarshi birlashgan hujum tayyorlanayotganining belgilarini ko‘ryapmiz», — dedi. Oreshnik Rossiyaning yadroviy kallak olib yurish imkoniyatiga ega gipertovushli raketasi sifatida tanilgan.
Kiyev, o‘z kuchlari, Rossiya nazoratidagi sharqiy hududga qarshi insonsiz havo transporti orqali hujumi uyushtirganidan beri bunday hujumni kutayotgan edi. Moskva ushbu hujum kollej yotoqxonasiga zarba bergani va kamida 18 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Payshanba oqshomidan juma tongigacha davom etgan insonsiz havo transporti hujumi Ukrainaning so‘nggi oylardagi eng qonli hujumlaridan biri bo‘ldi. Ishg‘ol ostidagi Lugansk viloyatidagi Starobilsk shahrida yana 42 kishi yaralandi.
Halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarning ko‘pchiligi 2003 – 2008 yillarda tug‘ilgan yosh ayollar ekani bildirildi.
Ukraina esa tinch aholini nishonga olganini rad etib, front yoki jabha chizig‘idan taxminan 65 kilometr uzoqlikdagi Starobilsk hududida joylashgan Rossiyaning insonsiz havo transporti bo‘linmasiga zarba berganini ma’lum qildi.


















