Misr Tashqi Ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra Qohirada uchrashgan tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish jarayoni muddatini uzaytirish va maydondagi boshi berk holatlarni bartaraf etish maqsadida yo‘l xaritasi sifatida tavsiflangan loyiha ustida ishladi.
Muzokaralarda Turkiya nomidan Milliy Razvedka Tashkiloti (MRT) rahbari Ibrahim Kalın, shuningdek Misr va Qatardan yuqori martabali rasmiylar hamda falastinlik guruhlarning vakillari ishtirok etdi.
Tomonlarning jarayonni oldinga siljitishga qaratilgan baholashlari umuman olganda konstruktiv muhitda muhokama qilingani qayd etildi.
Muzokaralarda sulhning birinchi bosqichi bo‘yicha majburiyatlarni yakunlash, insonparvarlik yordami olib kirilishini ko‘paytirish va hududda osoyishtalikni saqlashga qaratilgan choralar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, G‘azo boshqaruvi, qayta qurish jarayoni, xalqaro kuchlarni joylashtirish hamda sulhni amalga oshirish mexanizmlari ham yig‘ilish kun tartibidan o‘rin oldi.
O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv 2025 - yilning 10 - oktabri kuni kuchga kirgan bo‘lib, uning birinchi bosqichida mahbuslar almashinuvi, insonparvarlik yordami hajmini oshirish va Isroil armiyasining ayrim hududlardan qisman chiqib ketishi kabi masalalar amalga oshirilgan edi. Falastin manbalari esa Isroil kelishuv doirasidagi majburiyatlarini to‘liq bajarmagani va hujumlar davom etayotganini ta’kidlamoqda.
Kelishuvning ikkinchi bosqichida G‘azo boshqaruvi, qayta tiklash ishlari, xalqaro kuchlarni joylashtirish, Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishi hamda ayrim siyosiy va xavfsizlikka oid masalalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Falastinlik guruhlar va kafil davlatlarning vakillari sulhning ikkinchi bosqichiga oid muzokaralarni kecha Qohirada boshlagan edi.



















