Axios nashrining kelishuv loyihasidan xabardor bo‘lgan AQSh rasmiylaridan biriga tayanib xabar berishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh) bilan Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishi, Eronning neft savdosini qayta boshlashi hamda Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga imkon beruvchi 60 kunlik otashkesim yoki o‘q uzishni to‘xtatish muddatini uzaytirish bo‘yicha bitim imzolash arafasida turibdi.
Hali butunlay tamomlanmagan kelishuv yakshanba kuni e’lon qilinishi mumkinligi bildirildi.
Biroq rasmiylar, bitim imzolanishidan oldin ham bekor bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Kelishuv loyihasiga ko‘ra Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi minalarni tozalaydi va kemalarning hech qanday tranzit to‘lovisiz o‘tishiga ruxsat beradi.
Buning evaziga Vashington Eron portlariga qo‘yilgan blokadani bekor qiladi va Tehronga 60 kun davomida erkin neft sotishga imkon beruvchi cheklangan sanksiya imtiyozlarini taqdim etadi.
Yuqorida qayd etilgan AQSh rasmiylaridan biri ushbu tartibni «amalga javoban yengillik» deb atab, iqtisodiy yengilliklar oldindan emas, balki Eronning aniq qadamlari ortidan berilishini aytdi.
Loyiha shuningdek Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lmaslik, uranni boyitishni to‘xtatib turish va yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini yo‘q qilish bo‘yicha muzokara olib borish majburiyatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Kengroq sanksiyalarni yumshatish yoki Eron mablag‘larini muzlatishdan chiqarish masalalari o‘t ochishni to‘xtatish davrida muhokama qilinadi, biroq ular faqat yakuniy va tasdiqlangan kelishuvning bir qismi sifatida amalga oshiriladi.
Mintaqaga joylashtirilgan AQSh kuchlari 60 kunlik muddat davomida o‘z joyida qoladi, faqatgina yakuniy kelishuvga erishilgan taqdirdagina olib chiqiladi.
Kelishuv, Isroilning Livandagi urushini tugatishga qaratilgan sa’y - harakatlar bilan ham bog‘liq ekani aytilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shanba kuni Tramp bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida ushbu shartdan xavotirda ekanini bildirgan.
Nomi tilga olingan AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, agar Hizbulloh qayta qurollanishga yoki hujumlarni qayta boshlashga uringudek bo‘lsa unda Isroilga yana harakatga o‘tishga ruxsat beriladi.
Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr, Turkiya, Pokiston va Birlashgan Arab Amirliklari nomidan oliy darajali rasmiylar hamda boshqa ko‘plab arab va musulmon yetakchilari diplomatik sa’y - harakatlarni qo‘llab - quvvatladi.
Pokiston o‘rtamchilik jarayonida markaziy rol o‘ynadi va marshal Asim Munir kelishuvni yakunlashga yordam berish niyatida Tehronga bordi.
Oq uy qolgan muammolar bir necha soat ichida hal qilinishi mumkinligidan umidvor ekanini ifoda etgan bo‘lsa - da, AQSh rasmiylari Vashington, Eron yadroviy muzokaralarda jiddiy emas degan xulosaga kelgudek bo‘lsa unda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi muddatidan oldin yakunlanishi mumkinligini qayd etdi.
















