Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi Turkiya, Jibuti, Indoneziya, Iordaniya, Falastin, Qatar, Livan, Mavritaniya, Misr, Pokiston, So‘mali, Sudan, Saudiya Arabistoni, Ummon va Yaman Tashqi Ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotini e’lon qildi.
Bayonotda quyidagi so‘zlar keltirilgan:
“Turkiya Respublikasi, Jibuti Respublikasi, Indoneziya Respublikasi, Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi, Falastin Davlati, Qatar Davlati, Livan Respublikasi, Mavritaniya Islom Respublikasi, Misr Arab Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, So‘mali Federal Respublikasi, Sudan Respublikasi, Saudiya Arabistoni Qirolligi, Ummon Sultonligi va Yaman Respublikasi tashqi ishlar vazirlari o‘zini So‘maliland deb ataydigan hududning ishg‘ol ostidagi Quddusda “elchixona” ochish yo‘lidagi noqonuniy va qabul qilib bo‘lmaydigan qadamini eng keskin qoralaydi”.
Bu qadam xalqaro huquq va tegishli xalqaro qarorlarning ochiq buzilishi ekani, ishg‘ol ostidagi Quddusning huquqiy va tarixiy maqomiga bevosita zid ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, bayonotda “Tashqi ishlar vazirlari ishg‘ol ostidagi Quddusda noqonuniy holatni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yoki xalqaro huquq hamda tegishli BMT qarorlariga zid bo‘lgan har qanday tuzilma yoki tartibga qonuniylik berishga urinishni maqsad qilgan har qanday bir tomonlama harakatlarni qat’iy rad etadilar” - deb qayd etilgan.
Bayonotda vazirlar 1967 - yildan beri Sharqiy Quddus ishg‘ol ostidagi Falastin hududi ekani, uning huquqiy va tarixiy maqomini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday urinishlar haqiqiy emasligi va hech qanday huquqiy oqibat tug‘dirmasligini yana bir bor ta’kidlaganlari aytiladi. Shuningdek, So‘mali birligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga to‘liq qo‘llab - quvvatlash bildirilgani hamda So‘mali hududiy yaxlitligiga putur yetkazadigan yoki uning mustaqilligini buzadigan barcha bir tomonlama harakatlar qat’iy rad etilgani urg‘ulanadi.





















