AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki davlat o‘rtasidagi urushni yakunlaydigan kelishuv asosan muzokara qilingani va faqat hali hanuz rasmiy ravishda tamomlanmaganini ma’lum qildi.
Tramp mavzu haqida ijtimoiy tarmoq orqali bergan bayonotida, tarixiy kelishuv AQSh, Eron va boshqa bir qator davlatlarni o‘z ichiga olishini bildirdi.
Tramp o‘z so‘zida: «Amerika Qo‘shma Shtatlari, Eron Islom Respublikasi va boshqa bir qator davlatlar o‘rtasidagi kelishuv asosan muzokara qilindi, endi uni yakunlash qoldi», — degan ifodalarga o‘rin berdi.
Uning aytishicha, kelishuvning so‘nggi bandlari va tafsilotlari haligacha muhokama qilinmoqda va ular yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi. Tramp shuningdek: «Kelishuvning boshqa ko‘plab jihatlariga qo‘shimcha ravishda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiladi», — dedi.
Mintaqaviy kelishuvga urinish
AQSh Prezidenti yuqorida qayd etilgan muzokarani bir necha mintaqa yetakchilari bilan telefon orqali o‘tkazilgan qo‘shma muloqotda muhokama qilar ekan, uni “juda yaxshi uchrashuv” deb baholadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra diplomatik muzokaralarda Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Pokiston, Misr, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn nomidan oliy darajali rasmiylar ishtirok etgan.
Axios nashri ichki manbaga tayangan holda bergan xabarida, qo‘shma muloqotda ishtirok etgan barcha mintaqa yetakchilari Trampni kelishuv tomon qat’iy qadam tashlashga chaqirganini bildirdi.
Manbaga ko‘ra, mintaqa yetakchilarining umumiy xabari urushni to‘xtatish butun mintaqaning mutlaq manfaatiga mos kelishi bo‘lgan.
Diplomatik yutuq Vashington bilan Tehron Pokiston o‘rtamchiligida takliflarni muhokama qilayotgan bir paytda yuz berdi.
Islomobod boshchiligidagi muzokaralar hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish shartlari, Tehronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq xavotirlarni bartaraf etish hamda o‘zaro sanksiyalarni yumshatish uchun asos yaratishga qaratildi.
















