Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Anqarada 7 – 8 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti haqida: «Juda muhim masalalar bor va ularni AQSh Prezidenti ishtirok etmaydigan yig‘ilishda hal qilishning imkoni yo‘q. Ko‘plab Yevropa davlati sammitning Prezidentimiz mezbonligida Turkiyada o‘tkazilishi Prezident Trampning sammitda qatnashishini ta’minlagan eng muhim omil ekanini aytmoqda» - dedi.
Rossiyaga bo‘lgan rasmiy tashrifi chog‘ida Hakan Fidan turk ommaviy axborot vositalariga kun tartibidagi masalalar ustidan bayonot bedi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyadagi uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy masalalarda hamkorlik qilish borasida jiddiy muammolar yoki katta e’tirozlarga sabab bo‘layotgan vaziyatlar yo‘qligini ko‘rsatgan. Har ikki davlat imkon qadar barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirishni istamoqda.
Rossiya - Ukraina urushi va muzokaralar
Hakan Fidan mavzu haqida: «Rossiyada o‘tkazgan uchrashuvlarim davomida Rossiya rasmiylarining Ukraina masalasidagi ko‘z qarashlari o‘zgarmaganiga guvoh bo‘ldim. Va hatto ular Donetsk masalasi hal etilmas ekan, kelishuvga erishish imkoniyati yo‘q degan fikrdalar» - dedi.
Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo
Fidan tashrifi davomida Janubiy Kavkazda 3 + 3 mexanizmini faol ishlatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani va bu mexanizm Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Eron, Armaniston hamda Gruziya o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi.
U o‘z so‘zini shunday davom etdi: «Biz mintaqa davlatlari sifatida shuni anglashimiz kerakki, raqobat va hukmronlikka intilish o‘rniga hamkorlikni oldinga surishimiz lozim. Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar bilan bog‘liq bu tushuncha ma’lum darajada shakllanayotganini ko‘ryapmiz. Xuddi shu yondashuv bilan Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda iqtisodiyotlarimizni mustahkamlashimiz, barqarorlikni oshirishimiz mumkin. Hukmronlik o‘rnatishga bo‘lgan urinishlarga barham berilishi kerak. Tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik barchamizning manfaatimizga xizmat qiladi. Dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz lozim».
Armaniston bilan normallashuv jarayoni
Fidan Armaniston bilan normallashuv jarayoniga ham to‘xtalib, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumati muhim qadamlar tashlaganini ifoda etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning siyosiy irodasi bilan to‘g‘ridan - to‘g‘ri savdo va aviaqatnovlar kabi ko‘plab muhim qadamlar amalga oshirilgan.
Fidan: «Yangi davrda bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar aniq. Zarur sharoitlar yuzaga kelganda, biz normallashuvga tayyormiz» - dedi.
AQSh – Eron kelishuvi
Fidan AQSh – Eron kelishuvi bo‘yicha texnik guruhlar hali o‘zaro ishlashi kerak bo‘lgan masalalar borligini qayd etdi.
Yadro dasturi bo‘yicha muhim ikkita masala borligi va ular prinsip jihatdan kelishib olingan bo‘lsa - da tafsilotlar muhokama qilinishi zarurligini qayd etgan Hakan Fidan mavzu haqida shuningdek:
«Birinchisi, boyitilgan uranga nima bo‘ladi? Ikkinchisi, bundan keyingi boyitishni to‘xtatish moratoriysi qanday amalga oshiriladi? Masalan, 400 kilogramm boyitilgan uranni Eronda suyultirish bo‘yicha prinsipial tushuncha mavjud ammo bu suyultirishni kim amalga oshiradi, kim nazorat qiladi va qanday tasdiqlanadi — bularning barchasi hali muhokama qilinishi kerak» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Isroilning mintaqadagi siyosati
Fidan Isroilning tajovuzkor siyosati butun dunyo uchun muammoga aylanayotganiga e’tibor qaratdi va bu faqat Turkiyaning muammosi emasligini ta’kidladi.
U mavzu haqda shunday dedi: «Isroil mintaqada vayronagarchilik bo‘lishini istamoqda. Ayrim davlatlarni bosib olish, terror usullarini qo‘llash niyatida. Buning global xavfsizlik va iqtisodiyotga ham ta’siri mavjud. Biz Isroil tobora ko‘proq diplomatik noroziliklarga duch kelayotganini ko‘ryapmiz. Ushbu diplomatik bosim natija berishini va mintaqamizdagi barcha davlatlar tinchlik, barqarorlik hamda farovonlikda yashashini umid qilami».


















