Yuqori texnologiyaning “nodir” ehtiyojlari
00:00
00:0000:00
DUNYO
Yuqori texnologiyaning “nodir” ehtiyojlari
Qo‘lingizda tutib turgan telefon, minayotgan elektr avtomobilingiz, aylanayotgan shamol turbinalari...

Qo‘lingizda tutib turgan telefon, minayotgan elektr avtomobilingiz, aylanayotgan shamol

Ularning barchasini birlashtirib turadigan umumiy jihat — nodir yer elementlari!

Turkiya bu sohada jahon ligasida... Xo‘sh, biz qanchalik katta salohiyatga egamiz?

Assalomu alaykum! Bugun zamonaviy texnologiyaning ajralmas qismiga aylangan nodir yer elementlari haqida suhbatlashamiz. Smartfonlardan elektr avtomobillarigacha, shamol turbinalaridan mudofaa sanoatigacha ko‘plab sohalarda qo‘llaniladigan ushbu elementlar bugungi texnologiyaning asosiy ehtiyojlari qatoridan joy olgan.

Kuchli magnitlar, batareyalar va elektron tizimlarda qo‘llaniladigan ushbu elementlarga, ayniqsa, yashil energetikaga o‘tish va raqamlashtirish jarayoni bilan birga global miqyosda qiziqish tobora ortmoqda.

Bu holat Turkiyaning mavjud salohiyatini ham kun tartibiga olib chiqmoqda. Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktarning: “Nodir yer elementlari bo‘yicha mamlakat sifatida dunyoning yetakchi besh davlati qatoriga kiramiz”, degan bayonoti bu sohadagi maqsadlarni yaqqol ko‘rsatmoqda.

Turkiyaning nodir yer elementlari sohasidagi salohiyati haqida Istanbul universiteti–Jerrahpasha muhandislik fakulteti Konchilik muhandisligi kafedrasi mudiri, professor, doktor Ilgin Kurshun TRT Haberga so‘zlab berdi.

“Nodir” so‘zi o‘ylangan ma’noni anglatmaydi

Nodir yer elementlari nomidagi “nodir” ta’rifi ko‘pincha noto‘g‘ri tushuniladi. Professor, doktor Ilgin Kurshun bu ifoda ularning tabiatdagi miqdori bilan bog‘liq emasligini ta’kidlaydi:

“Nodir yer elementlarining ‘nodir’ deb nomlanishiga asosiy sabab bu elementlarning Yer qobig‘idagi miqdori kamligi emas. Buning sababi — hosil bo‘lish jarayonlari jihatidan ma’dan tarkibidagi nodir yer elementlarining o‘ta murakkab tuzilishga ega ekani, shu bois ularni qayta ishlash uchun murakkab sharoitlar zarurligi hamda iqtisodiy jihatdan qazib olish mumkin bo‘lgan konsentratsiyada jamlangan konlarning cheklanganidir.”

Yuqori texnologiyalar ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi

Nodir yer elementlarining kimyoviy xususiyatlari bir-biriga juda o‘xshash bo‘lishi ayrim muammolarni ham keltirib chiqaradi. Professor, doktor Kurshun bu haqda shunday deydi:

“Biroq nodir yer elementlarining kimyoviy xususiyatlari bir-biriga o‘xshashligi sababli ularni o‘zaro ajratish texnik jihatdan murakkabdir. Bugungi kunda aynan shu holat ushbu elementlarni qazib olish va qayta ishlashdagi eng muhim qiyinchiliklardan biri ekani ma’lum.”

Nodir yer elementlari, ayniqsa, ilg‘or texnologik mahsulotlarda ajralmas tarkibiy qism hisoblanadi. Professor, doktor Kurshun ushbu elementlar nima uchun strategik xomashyo sifatida ko‘rilishini quyidagicha tushuntiradi:

“Nodir yer elementlari, xususan, neodimiy, praseodimiy, disproziy va terbiy kabi lantanidlar, shuningdek, ittriy hamda skandiy yuqori samarali texnologik tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. Yashil energetikaga o‘tish va raqamlashtirishga yo‘naltirilgan texnologiyalarga global qiziqishning tez ortayotgani hamda ushbu elementlarning o‘rnini bosuvchi muqobil vositalar mavjud emasligi sababli ular muhim strategik xomashyo sifatida ta’riflanadi. Shu bois ular bugungi sanoatning eng muhim xomashyo manbalaridan biri hisoblanadi.”

Nodir yer elementlarining qo‘llanish sohasi juda keng. Biroq ular, ayniqsa, mudofaa sanoati, elektr avtomobillari va shamol energetikasi kabi elektromexanik tizimlarda keng qo‘llaniladi.

Turkiyadagi muhim konlar

Dunyo bo‘yicha nodir yer elementlari zaxiralari asosan Xitoy, Vyetnam, Braziliya, Hindiston, Avstraliya va Rossiyada joylashgan. Taxminan 120 million tonnani tashkil etadigan global zaxiralarning 35 foiziga ega Xitoy ushbu elementlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha ham birinchi o‘rinda turadi. Dunyodagi jami nodir yer elementlari ishlab chiqarishining qariyb 70 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Turkiyada nodir yer elementlariga oid tadqiqotlar ilk bor 1950-yillarning oxirida Mineral tadqiqotlar va qidiruv bosh boshqarmasi tomonidan boshlandi. Ushbu jarayonda mamlakatning turli hududlarida e’tiborga molik ma’danlashuvlar aniqlandi.

Xo‘sh, Turkiyaning qaysi hududlari nodir yer elementlari jihatidan boy?

Turkiyadagi eng muhim nodir yer elementlari konlaridan biri Eskishehir–Qiziljao‘ren hududida joylashgan. Professor, doktor Kurshun konning tuzilishiga e’tibor qaratib, quyidagilarni aytadi:

“Turkiyadagi eng katta nodir yer elementlari zaxirasiga ega ma’dan koni tarkibida bastnezit, flyuorit va barit minerallari mavjud bo‘lgan Eskishehir–Qiziljao‘ren konidir.”

Qiziljao‘ren konida seriy, lantan va neodimiy nodir yer oksidlari mavjud. Hududda tajriba zavodi miqyosidagi ishlab chiqarish ishlari davom etmoqda. Dastlabki bosqichda lantan, seriy, praseodimiy va neodimiy elementlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Professor, doktor Kurshun boshqa hududlardagi salohiyatga ham e’tibor qaratib, so‘zlarini quyidagicha yakunlaydi:

“Mamlakatimizdagi muhim salohiyatga ega nodir yer elementlari konlaridan biri Isparta–Chanaqli hududida joylashgan. Malatya–Kulunjak hududidagi nodir yer elementlari ma’danlashuvi esa lantan, seriy, praseodimiy, neodimiy va ittriy bilan birga toriy elementini ham o‘z ichiga oladi.”

Ko‘rinib turibdiki, Turkiya nodir yer elementlari bo‘yicha katta salohiyatga ega va bu sohada jahon ligasidan munosib o‘rin egallashga tayyorlanmoqda.

Ko'proq tinglang
Olamda bugun 03.08.2026
Asalarilar tabiatning eng mehnatkash hashoratlaridir
Hukmronlikni sun’iy intellektga topshirishga tayyormisiz?
Salep - issiqqina qish ichimligi
Turk oshxonalarining qishki tayyorgarliklari
Turk o‘quvchilari CERN - da
Iqlim vizalari: Oldini olishmi yoki ko'chirish?
Plastmassa inqirozida monelik qilingan global kelishuv
Turk davlatlari umumiy alifbo orqali birlikka intilmoqda
Turkiya sportida oltin davr