Sharqiy Quddusda keskinlik: Yuzlab isroillik Al-Aqso majmuasiga kirdi, falastinlik tadbirkorlar do‘konlarini yopishga majburlandi
Bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasiga dushanba kuni yuzlab isroillik ko‘chib kelganlar kirdi. Ayni paytda Isroil rasmiylari Eski shahar hududidagi falastinlik tadbirkorlarni yahudiylarning Sukkot bayrami ibodatlari sababli o‘z do‘konlarini yopishga majbur qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda majmua hududiga kirgan shaxslarning namoz o‘qib, diniy qo‘shiqlar kuylayotgani aks etgan. Diniy marosimlar asosan masjid majmuasining sharqiy qismida kuzatilgan.
Quddus Islom vaqfi bo‘limi va Falastin ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yakshanba kuni Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir hamda 1500 dan ortiq isroillik ko‘chib kelganlar politsiya himoyasi ostida Al-Aqsoga kirib, Sukkot bayramini nishonlagan.
"Diniy urush" xavfi haqida ogohlantirish
Ushbu voqea Falastin tomonining keskin qoralashiga sabab bo‘ldi. Falastin prezidenti matbuot kotibi Nabil Abu Rudeineh mazkur harakatlarni "o‘t bilan o‘ynash va butun dunyodagi musulmonlarning his-tuyg‘ularini xavfli ravishda qo‘zg‘atish" deb atadi va Isroil mintaqada "diniy urush" keltirib chiqarishga urinayotganidan ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun: Al-Aqso masjidi musulmonlar uchun dunyodagi uchinchi muqaddas qadamjo hisoblanadi. Yahudiylar esa ushbu hududni "Ma’bad tog‘i" (Temple Mount) deb atab, qadimgi davrlarda bu yerda ikkita yahudiy ibodatxonasi bo‘lganini ta’kidlaydilar.
Oxirgi vaqtlarda yahudiylarning diniy bayramlari davrida ushbu hududga kirish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Hududdagi joriy bayramlar taqvimi quyidagicha:
12-13-sentyabr: Rosh Ha-Shana (Yahudiylar yangi yili)
21-22-sentyabr: Yom Kippur (Kaforat kuni)
26-sentyabr – 2-oktyabr: Sukkot bayrami
3-oktyabr: Simxat Tora
Tarixda ilk bor: Do‘konlar bayram davomida to‘liq yoptirildi
Dushanba kungi cheklovlar asosan Al-Aqso masjidiga olib boruvchi yo‘lda joylashgan Paxta savdogarlari bozorida (Suq al-Qattanin) sodir bo‘ldi. Falastinlik tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, ilgari do‘konlar faqat ma’lum soatlarga yopilgan bo‘lsa, bu safar tarixda ilk bor butun bayram haftasi davomida faoliyatni to‘xtatish buyurilgan.
Isroil Fuqarolik Huquqlari Assotsiatsiyasi (ACRI) bayonotida quyidagilar keltiriladi:
Paxta savdogarlari bozoridagi 56 ta do‘kon, kafe va restoran egalari yahudiylarning ibodat qilishiga joy ajratish maqsadida obektlarini yopishga majbur etilgan.
Ibodat yo‘nalishi bo‘ylab yashovchi taxminan 200 nafar falastinlikka ibodatlar davom etayotgan soatlarda uylaridan chiqmaslik buyurilgan.
Assotsiatsiya advokati Tal Xassin vaziyatni tanqid qilib, shunday dedi: "Politsiya aholini himoya qilish va ularning kundalik hayotini ta’minlash o‘rniga, cheklovlar o‘rnatmoqda. Bu ko‘rsatmalar zudlik bilan bekor qilinishi kerak". Tashkilotning ta’kidlashicha, politsiya yozma buyruq bermagan, tadbirkorlarni faqat telefon va bevosita ogohlantirish orqali yopishga majburlagan.
Xalqaro huquqiy maqom
Al-Aqso masjidi joylashgan Sharqiy Quddus xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra bosib olingan Falastin hududi hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Isroilning 1967-yildagi shaharni bosib olishini ham, 1980-yilda uni o‘ziga qo‘shib olish (anneksiya) haqidagi qarorini ham tan olmaydi.





















