Qozog‘istonda kecha Kaspiy dengizida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulot vaqtida kuchli shamol tufayli dengizga oqib ketgan 17 nafar harbiy xizmatchidan 14 nafari halok bo‘ldi, 3 nafari esa qutqarildi.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi bayonotida mashg‘ulot vaqtida Kaspiy dengiziga oqib ketgan harbiy xizmatchilarni qidirish - qutqarish ishlari yakunlangani bildirildi.
Bayonotda ertalab yana ikki nafar harbiy xizmatchining jasadi dengizdan topilgani qayd etildi. Shu tariqa Kaspiy dengizida o‘quv va jangovar vazifa bajarilayotgan paytda ob - havoning to‘satdan yomonlashishi oqibatida dengizga oqib ketgan 17 nafar harbiy xizmatchidan 14 nafari halok bo‘lgani, 3 nafari esa qutqarilgani ma’lum qilindi.
Tergov davom etmoqda
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi bayonotida ham Mang‘istov viloyatidagi mashg‘ulot vaqtida harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi yuzasidan tergov ishlari davom etayotgani bildirildi.
Mamlakatda mashg‘ulot vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga 25 - sentabr Milliy motam kuni deb e’lon qilingan edi.
Mamlakat bo‘ylab bayroqlar motam belgisi sifatida yarim ustunga tushirildi, barcha konsert va ko‘ngilochar dasturlar esa bekor qilindi.




























