Germaniya, Daniya, Avstriya, Gretsiya va Niderlandiya o‘z hududida qolish huquqiga ega bo‘lmagan migrantlarni deportatsiya qilish uchun Ruandada markaz ochadi. 2027-yilda faoliyat boshlashi rejalashtirilayotgan markazga dastlab faqat bo‘ydoq erkak migrantlar qabul qilinadi.
Yevropa Ittifoqiga (YI) a’zo besh davlat tartibsiz migratsiyaga qarshi kurash doirasida Ruandada deportatsiya markazlarini tashkil etishga kelishib oldi.
Germaniya, Daniya, Avstriya, Gretsiya va Niderlandiyaning qo‘shma tashabbusi bilan tashkil etiladigan markaz 2027-yilda ish boshlashi rejalashtirilmoqda. Niderlandiya va Daniya hukumatlari bayonotlariga ko‘ra, markaz ushbu mamlakatlarda qolish huquqi tugagan va deportatsiya qilinishi haqida qaror chiqarilgan migrantlarni qabul qiladi.
Dastur mamlakatlarda qonuniy qolish huquqini olish bo‘yicha ariza jarayonlarini yakunlagan shaxslarni qamrab oladi. Ayniqsa, o‘z vataniga qaytarish imkoni bo‘lmagan migrantlar uchun Ruanda muqobil manzil bo‘ladi.
Dastlab qariyb 100 kishi yuboriladi
BBC xabariga ko‘ra, loyiha dastlab sinov tariqasida amalga oshirilib, qariyb 100 migrantni qamrab olishi kutilmoqda. Besh davlatning har biri Ruandaga taxminan 20 kishini yuborishi ko‘zda tutilgan.
Niderlandiya hukumati dasturning dastlabki bosqichida faqat bo‘ydoq erkak migrantlar yuborilishini ma’lum qildi. Hamrohsiz bolalar esa markazlarga yuborilmaydi.
Ruandaga yuborilgan migrantlar ushbu mamlakatda yashashni tanlashi mumkin bo‘ladi. Ularga yashash huquqi bilan birga ta’lim, tibbiy xizmatlar, mehnat bozori va huquqiy tizimdan foydalanish imkoniyati beriladi. Istaganlar esa o‘z vataniga qaytishi mumkin bo‘ladi.
Inson huquqlari tashkilotlari e’tiroz bildirdi
Besh davlat reja Yevropa Ittifoqi va xalqaro huquqqa mos ekanini ta’kidlamoqda. Biroq inson huquqlari tashkilotlari bu amaliyot migrantlarning asosiy huquqlarini buzishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Human Rights Watch tashkiloti Ruandada muxoliflarga bosim o‘tkazilishi, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va yomon muomala haqidagi da’volarga e’tibor qaratdi. Tashkilot migrantlarni ushbu mamlakatga yuborish inson huquqlari nuqtayi nazaridan jiddiy xavf tug‘dirishini bildirdi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham rejani tanqid qilib, Ruandada markaz tashkil etishning “istiqboli ham, insonparvarlik jihati ham yo‘qligini” aytdi.
Buyuk Britaniya ham loyihaga qo‘shilishi mumkin
Ruanda rejasi Buyuk Britaniyaning avval ilgari surgan, biroq amalga oshira olmagan migrantlarni yuborish to‘g‘risidagi kelishuvini ham yana kun tartibiga olib chiqdi.
Buyuk Britaniyaning avvalgi hukumati boshpana so‘rab berilgan arizalarni Ruandada ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi kelishuv tuzgan edi. Biroq huquqiy e’tirozlar sababli reja amalga oshmagan, 2024-yilda hokimiyatga kelgan Leyboristlar partiyasi hukumati esa kelishuvni bekor qilgan edi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri idorasi Yevropaning yangi tashabbusiga qo‘shilish ehtimolini butunlay istisno etmay, voqealar rivojini “qiziqish bilan kuzatib borishini” bildirdi.
Yevropa chegara va qirg‘oq qo‘riqlash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki 10 oyida YI chegaralarida qariyb 110 ming noqonuniy o‘tish holati aniqlangan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga kam.





















