COP31 Prezidenti hamda Turkiya Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum mehmonxonalardan birida tashkil etilgan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi doirasidagi parlamentlararo yig‘ilishi”dagi nutqida COP31’ning ilk haftasi ortda qolganini, Antaliyada qizg‘in diplomatik muloqotlar olib borilayotganini, davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, xalqaro tashkilotlar, biznes vakillari, olimlar, yoshlar hamda fuqarolik jamiyatini bir joyga jamlaganliklarini ma’lum qildi.
Energetika, moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, barqaror shaharlar, nol chiqindi, shuningdek, bolalar va yoshlar kelajagi muhokama qilinganini ta’kidlagan Kurum iqlim bo‘yicha maqsadlarning haqiqiy samarasi mamlakatda qabul qilingan qonun, ajratilgan byudjet, kiritilgan investitsiya va mustahkamlangan shaharlarda namoyon bo‘lishini aytdi.
Parlamentlarning o‘rni va nufuzi aynan shu nuqtada ko‘zga tashlanishini urg‘ulagan vazir: “Shu yerda ishtirok etayotgan siz, hurmatli parlament a’zolarini Antaliyada shakllangan irodaning mamlakatlarimizda amaliy natija berishini ta’minlaydigan eng muhim hamkorlarimiz qatorida ko‘raman”, dedi.
“Avval bir-birimizni tushunishimiz, so‘ngra mushtarak yo‘nalishni belgilab olishimiz kerak”
COP31 Prezidentligini muloqot, kelishuv va amaliy harakatdan iborat uchta ustuvor tamoyil asosiga qurganliklarini eslatib o‘tgan Kurum birinchi haftadayoq bu naqadar muhim ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilishganini qayd etdi.
Dunyoning barcha mamlakatlarida imkoniyatlar bir xil darajada emasligiga e’tibor qaratgan Kurum davlatlarning taraqqiyot yo‘li, energetika tizimlari, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlari va duch kelayotgan iqlim xavf-xatarlari bir-biridan farq qilishini ta’kidladi.
Ushbu tafovutlarni inkor etgan holda umumiy kelajakni qurib bo‘lmasligini alohida qayd etgan Kurum quyidagilarni ta’kidladi:
“Avval bir-birimizni tushunishimiz, so‘ngra mushtarak yo‘nalishni belgilab olishimiz kerak. Har bir mamlakatning o‘z sharoiti, o‘z imkoniyati va o‘z taraqqiyot yo‘li bor. Biroq farzandlarimiz yashaydigan dunyo — bitta. Suv xavfsizligi — umumiy. Shaharlarimizning barqarorligi, oziq-ovqat kelajagi, tabiiy ofatlar qarshisida inson hayotini asrash mas’uliyatimiz — mushtarak. Turli yo‘llardan yurib, yagona maqsad sari intilishimiz mumkin. Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Yetakchilar sammitida ilgari surgan adolatli o‘tish chaqirig‘ining zamirida ham aynan shu yondashuv yotadi. Mamlakatlarning rivojlanish huquqini himoya qiladigan, moliyaviy mablag‘larni ehtiyoj mavjud bo‘lgan joyga yetkazadigan, transformatsiya yukini adolat bilan taqsimlaydigan tizim yaratishimiz zarur. Biz ‘Amaliyot COP’i’ deganda aynan shuni nazarda tutamiz. Antaliyada muhokama qilingan masalalar shunchaki konferensiya zallarida qolib ketishini istamaymiz. Maqsadlar loyihalarga, moliyalashtirishga, qonunchilikka va insonlar hayotida seziladigan aniq natijalarga aylanishini xohlaymiz”.
“Turkiyaning iqlim yo‘lidagi harakatlarida Parlamentimiz nafaqat qonun chiqaruvchi organ sifatida ishtirok etmoqda”
COP31 Prezidenti Kurum Turkiyaning iqlim sohasida tashlayotgan yirik qadamlari ortida Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) tomonidan ochib berilgan mustahkam huquqiy yo‘l turganini aytib o‘tdi.
Parlament 2021-yilda Parij bitimini ratifikatsiya qilishni ma’qullaganini eslatgan Kurum shu tariqa Turkiyaning global iqlim tizimidagi yangi davri uchun huquqiy eshik ochilganini bildirdi.
Kurum 2025-yilda Parlament tomonidan qabul qilingan Turkiyaning ilk Iqlim to‘g‘risidagi qonuni bilan emissiyalarni kamaytirishdan tortib iqlim o‘zgarishiga moslashishgacha, rejalashtirish vositalaridan Emissiya savdo tizimigacha, adolatli o‘tishdan ruxsatnoma va nazorat jarayonlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli sohalar huquqiy asosga ega bo‘lganini ma’lum qildi.
Vazirliklar oldidagi yo‘l yanada aniqroq belgilab olinganini, mahalliy hokimiyat organlarining iqlim bo‘yicha faoliyati tayanadigan tizim mustahkamlanganini qayd etgan Kurum xususiy sektor uchun uzoq muddatli transformatsiyaning huquqiy zamini yaratilgani, rejalashtirish, ijro va nazorat qanday tamoyillar asosida olib borilishi qonun darajasida belgilab qo‘yilganini tushuntirdi.
TBMM iqlim maqsadlarini shunchaki ezgu tilaklar doirasidan chiqarib, davlatning rejalashtirish va ijro tizimining ajralmas qismiga aylantirgan muhim siyosiy iroda ko‘rsatganini ta’kidlagan Kurum: “Endilikda Parlamentlararo Ittifoq (PAI) bilan hamkorlikda 55 ta davlat parlamentariylarini Antaliyada jamlamoqdamiz va bu manzarani g‘oyat qadrli deb bilaman. Chunki Turkiyaning iqlim yo‘lidagi harakatlarida Parlamentimiz nafaqat qonun chiqaruvchi idora sifatida qatnashmoqda, balki xalqaro majburiyatlar va milliy ijro o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikni ham barpo etmoqda”, deya ta’kidladi.
“Shaharning barqarorligi alohida binolarning mustahkamligidan ko‘ra ancha kengroq masaladir”
Vazir Kurum Parlament yaratgan huquqiy zamin amaliyotda mustahkamlanayotganini, energetika sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ham alohida urg‘uladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan elektr quvvatidagi ulushi 63 foizga yetganini ma’lum qilgan Kurum Turkiyaning “Milliy energetika — 2040” strategiyasida quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha 175 gigavatt quvvatga erishish maqsadi qo‘yilganiga e’tibor qaratdi.
Shaharsozlik borasida ham o‘ta og‘ir sinovdan o‘tilganini tilga olgan Kurum 2023-yil 6-fevraldagi Qahramanmarash markazli zilzilalardan so‘ng ofat hududida 455 mingta turar joy, qishloq uylari va ish o‘rinlari barpo etilganini, ushbu jarayon shaharlarga qanday yondashish lozimligi borasida ulkan tajriba berganini aytdi.
Uy-joylar bilan birgalikda infratuzilma, maktab, shifoxona, maydon, yo‘l va ijtimoiy hayotni yaxlit holda rejalashtirganliklarini bayon etgan Kurum quyidagilarni qayd etdi:
“Shaharning barqarorligi alohida binolarning mustahkamligidan ko‘ra ancha kengroq masaladir. Inqirozli vaziyatlarda ham suv ta’minoti to‘xtamasligi, energiya uzluksiz ishlashi, transport harakatlanishi va davlat xizmatlari o‘z faoliyatini davom ettirishi shart. Shaharlarimizni iqlim o‘zgarishiga tayyorlashda zilzila hududida orttirgan ushbu tajribamizdan foydalanmoqdamiz. ‘Nol chiqindi’ loyihasida ham shunga o‘xshash katta amaliy tajribamiz bor. Hurmatli Emine Erdo‘g‘an rahnamoligida boshlangan ushbu tashabbus jamiyatning turli qatlamlari ishtirokida kengayib, xalqaro miqyosga chiqdi. Bu jarayondan bir muhim xulosa chiqardik: barqaror natijaga erishish uchun qonunchilik, mahalliy boshqaruv, xususiy sektor, moliyaviy tizim va fuqarolar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim”.
Parlamentlar ta’minlaydigan barqarorlik va huquqiy ishonch ham ushbu yaxlit tizimning muhim bo‘lagi ekanini ta’kidlagan Kurum COP31 yakunlangach, barchaning oldiga juda aniq vazifalar qo‘yilishini, energetika investitsiyalari uchun qonunlar ishlab chiqilishini va shaharlarning chidamliligini oshirish uchun byudjetlar muhokama qilinishini bildirdi.
Suv resurslari, transport, chiqindilarni boshqarish va sanoatni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi qarorlar qabul qilinishiga ham to‘xtalgan Kurum: “Ushbu qarorlarning jamiyatga ta’sirini ham sizlar ko‘rasiz. Sanoat korxonalari sarmoya kiritishi uchun zarur bo‘lgan barqarorlik va bashorat qilinadigan muhitni sizlar eshitasiz. Xodimlarni yangi kasblarga tayyorlash, kichik va o‘rta biznesning o‘zgarishlarga moslashishi, yoshlarning yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lishi, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalalari yana parlamentlar kun tartibidan o‘rin oladi”, deya o‘z so‘zini yakunladi.





















