Milliy muhandislik salohiyatini global miqyosdagi yechimlarga aylantirayotgan ASELSAN kompaniyasi Mini/Mikro uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) va yangi avlod FPV dron tahdidlariga qarshi ishlab chiqqan EJDERHA AD yuqori quvvatli elektromagnit (HPEM) havo hujumidan mudofaa tizimining imkoniyatlarini dala sharoitida yuksak muvaffaqiyat bilan namoyish etdi.
O‘tkazilgan rekord darajadagi sinov orqali ASELSAN o‘zining tashkil topgan yilligida jahonda yana bir bor birinchilikni qo‘lga kiritdi.
Vakuum elektronikasi texnologiyasi yordamida yuqori quvvatli elektromagnit to‘lqinlar hosil qilib, dronlarning elektron tizimlarini ishdan chiqaruvchi EJDERHA dastlab ikkita turli simli dronni taxminan 1 000 metr masofada zararsizlantirdi. Shu tariqa, an’anaviy UUAga qarshi kurash tizimlari simli dronlarga ta’sir ko‘rsata olmagan bir paytda, EJDERHA tahdid turidan qat’i nazar himoya ta’minlay olishi amalda isbotlandi.
Ikkinchi bosqichda bugungi kunda jiddiy xavf tug‘dirayotgan galali (to‘dali) dronlar tahdidi EJDERHA tomonidan bartaraf etildi. ASELSAN’ning ortda qolgan 51 yilligi ramzi sifatida 51 ta dron bir vaqtning o‘zida havoga ko‘tarildi. EJDERHA ko‘p tahdidli ssenariy asosida havoga ko‘tarilgan barcha dronlarni bir necha soniya ichida, bir vaqtning o‘zida ishdan chiqardi. Shu kunga qadar dunyoda EJDERHA kabi yo‘naltirilgan energiya texnologiyasiga ega tizim yordamida bunchalik ko‘p sondagi dronning bir vaqtda zararsizlantirilgani qayd etilmagan edi. Shu bilan ASELSAN oldini oluvchi radioelektron kurash tizimlari sohasida ham jahonda ilk natijani qayd etdi.
EJDERHA Turkiyaning milliy va ko‘p qatlamli havo hujumidan mudofaa arxitekturasi hisoblangan ÇELİKKUBBE ("Po‘lat gumbaz") tarkibida xizmat qilish uchun ASELSAN tomonidan mini va mikro toifadagi UUA tahdidlarini aniqlash hamda yo‘q qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
“Bir tugmani bosish orqali 51 ta dronni urib tushirdik”
O‘rnatilgan rekordni baholar ekan, ASELSAN Bosh direktori Ahmet Akyol quyidagilarni ta’kidladi:
“ASELSAN tashkil topganining 51 yilligida o‘ta noyob texnologiya taqdimoti uchun xodimlarimiz bilan jam bo‘ldik. ASELSAN’ning EJDERHA tizimi birorta ham raketa uchirmasdan, hech qanday o‘q-dori sarflamasdan, birgina tugmani bosish orqali 51 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan dunyodagi ilk tizimga aylandi. U yuqori quvvatli elektromagnit to‘lqinlar vositasida zamonamizning eng katta tahdidlaridan biri bo‘lgan dronlarni eng samarali tarzda yo‘q qila oladigan tizimlardan biri bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyat ASELSAN’ning 50 yil davomida to‘plagan tajribasi, yosh muhandislar jamoasi, davlatimiz belgilab bergan yo‘nalish va xalqimizning bizga doimiy ko‘rsatib kelayotgan qo‘llab-quvvatlovi natijasida yuzaga keldi. EJDERHA ushbu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq endilikda maydonga tushgan, seriyali ishlab chiqarishga qo‘yilgan va mamlakatimiz xavfsizligiga hissa qo‘shadigan darajaga yetgan texnologiyadir. Biz ushbu texnologiyalarni rivojlantirishda davom etamiz. Yurtimiz kelajagiga ishonch bilan qarashi uchun yuqori texnologiyali sarmoyalarni qat’iyat va matonat bilan davom ettiramiz”.
ASELSAN’dan yangi avlod tahdidlariga qarshi o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi yechimlar
ASELSAN o‘zgaruvchan tahdidlarga kelajakni shakllantiruvchi texnologiyalar bilan javob berishda davom etmoqda. Shovqinsiz, ko‘rinmas va sun’iy intellekt bilan ta’minlangan yangi avlod dronlari jang maydonlari, shaharlar va muhim infratuzilma obyektlariga xavf solmoqda. Ushbu xavf qarshisida an’anaviy tizimlar ojiz qolayotgan bir vaqtda, yangi avlod tahdidlariga qarshi yangi avlod yechimlarini ishlab chiqish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.
Sun’iy intellekt asosidagi ko‘p funksiyali sensorlar yordamida aniqlash va identifikatsiya qilish usullari, ma’lumotlar integratsiyasidan so‘ng ko‘p turdagi ta’sir vositalari bilan aqlli zarba berish ssenariylarini qo‘llash, shuningdek, yo‘naltirilgan energiya qurollaridan foydalanish endilikda shunchaki ilmiy fantastika unsuri emas, balki kundalik xavfsizlikning ajralmas tarkibiy qismiga aylandi. Dron va UUA’lardan foydalanishning jadal ommalashuvi muhim strategik obyektlardan tortib harbiy amaliyot hududlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamda yangi avlod xavfsizlik yechimlariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. ASELSAN’ning oldini oluvchi radioelektron kurash tizimlari tahdidlarni aniqlashdan tortib ularni zararsizlantirishgacha bo‘lgan ko‘p qatlamli himoya yondashuvini taqdim etadi.
Ushbu yondashuvning muhim qismi bo‘lgan EJDERHA yuqori quvvatli elektromagnit texnologiyasi orqali UUA’larning elektron tizimlarini nishonga oladi. Radar yordamida faol aniqlash va elektro-optik tizim orqali nishonni kuzatishni amalga oshiradigan hamda o‘ta aniq yo‘naltirish qobiliyatiga ega EJDERHA elektron sxemaga ega har qanday tahdidni bostirish, qayta yuklash (tizimini o‘chirib yoqish), ishdan chiqarish yoki shikastlash kabi ta’sirlarni o‘tkaza oladi. EJDERHA taktik maydonda tahdid sifatida tasniflangan UUA’larning navigatsiya, aloqa va boshqaruv-nazorat tizimlarini xavfsiz masofadan turib zararsizlantirish orqali mudofaa konsepsiyasini yangidan yozmoqda.
EJDERHA HPEM tizimi shu kungacha Mini/Mikro UUA, bulut ostida uchuvchi qo‘zg‘almas qanotli UUA, simli va simsiz FPV dronlar hamda ichki yonuv dvigatelli UUA kabi turli xildagi nishonlarga qarshi aniqlash, kuzatish, yo‘naltirish va zararsizlantirish imkoniyatlarini dala sharoitida ko‘p marotaba muvaffaqiyatli namoyish etdi.




















