DUNYO
1 daqiqa o'qish
Koreya urushida halok bo‘lgan askar 75 yil o‘tib DNK tahlili orqali aniqlandi
1951-yilda Koreya urushi chog‘ida halok bo‘lgan janubiy koreyalik askarning shaxsi zamonaviy DNK tahlili yordamida tasdiqlanib, oradan 75 yil o‘tgach oilasiga topshirildi.
Koreya urushida halok bo‘lgan askar 75 yil o‘tib DNK tahlili orqali aniqlandi
Kore savaşı / TRT Özbekçe

“Yonhap” agentligining xabar berishicha, Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda qayd etilishicha, An Don ismli askarning oila a’zolari bilan DNK namunalari mos kelishi aniqlangach, Iksan shahrida marosim o‘tkazilgan va askarning xoki 75 yildan so‘ng oilasiga topshirilgan.

Anning qoldiqlari ilk bor 2004-yilda olib borilgan qazishma ishlari chog‘ida topilgan, 2019-yilda esa uning oila a’zolaridan DNK namunalari olingan edi.

O‘sha davrdagi texnologik imkoniyatlar cheklangani sababli moslikni aniqlashning imkoni bo‘lmagan, biroq joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan tahlil natijasida shaxsni tasdiqlashga erishilgan.

1951-yil avgust oyida Shimoliy Koreyaga qarshi janglarda halok bo‘lgani taxmin qilinayotgan An Don — 2000-yildan buyon qoldiqlari oilasiga topshirilgan 286-janubiy koreyalik harbiy xizmatchi hisoblanadi.

Koreya urushi

Koreya urushi 1950-yil 25-iyunda Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreyaga bostirib kirishi bilan boshlangan edi.

Urush davomida Xitoy va Sovet Ittifoqi Shimoliy Koreyani, AQSH boshchiligidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) kuchlari esa Janubiy Koreyani qo‘llab-quvvatlagan.

Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushda jami 4 ta brigada tarkibida 21 ming 212 nafar harbiy xizmatchi bilan ishtirok etgan Turkiya, askarlar soni bo‘yicha Koreya urushida qatnashgan 16 davlat orasida 4-o‘rinni egallagan.

1953-yil 27-iyulda yakunlangan mazkur urush, ko‘plab urinishlarga qaramay, tomonlar o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanmagani sababli texnik jihatdan hanuz davom etayotgani ta’kidlanadi.