DUNYO
2 daqiqa o'qish
Zelenskiy SpaceXni dronlar tezligini cheklashda aybladi
Ukraina prezidenti tutib qoluvchi dronlar soatiga 161 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda operatorlar bilan aloqasi uzilayotganini bildirdi.
Zelenskiy SpaceXni dronlar tezligini cheklashda aybladi
Владимир Зеленский / reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy SpaceX kompaniyasini Starshield sun’iy yo‘ldosh terminallari uchun tezlik cheklovi joriy etganlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, bu chora Ukrainaning tutib qoluvchi dronlariga Rossiyaning reaktiv dvigatelli Shahed dronlarini ta’qib qilishga to‘sqinlik qilmoqda.

Yakshanba kuni Telegram orqali bayonot bergan Zelenskiy Ukrainaning tutib qoluvchi dronlari soatiga 161 kilometrdan yuqori tezlikka erishganida operatorlar bilan aloqasi uzilayotganini aytdi. Bu esa ularning tezroq uchadigan Shahed dronlariga yetib olishini qiyinlashtirmoqda.

Zelenskiy mazkur cheklovlar Ukrainaning energetika infratuzilmasini Rossiya hujumlaridan himoya qilish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

«Rossiyaliklar Shahed dronlari bilan elektr podstansiyalarini nishonga olmoqda. Front chizig‘ida va vaqtincha bosib olingan hududlarda Starshield terminallari uchun tezlik cheklovlari saqlanib qolayotgani sababli bu hujumlarning aksariyati nishoniga yetib bormoqda. Ushbu cheklovlar olib tashlanishini kutmoqdamiz. Insonlar hayotini himoya qilish va qish oldidan Ukraina energetika infratuzilmasining xavfsizligini ta’minlash bevosita shunga bog‘liq», — dedi u.

Zelenskiy Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Prezident idorasiga ushbu masala yuzasidan AQSh tomoni hamda SpaceX bilan imkon qadar yaqin hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berganini bildirdi.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, SpaceX 14-oktabr kuni Ukrainadagi Starlink va Starshield terminallari uchun soatiga 161 kilometrlik tezlik cheklovini joriy etgan.

Ukraina tomoni 24-oktabrga kelib terminallar yana yuqori tezliklarda ishlay boshlaganini ma’lum qilgan edi.

Biroq Zelenskiy payshanba kungi bayonotida Starshield terminallari soatiga 161 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda yana aloqa muammolariga duch kelayotganini aytdi.

Ukraina Mudofaa razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning reaktiv dvigatelli Shahed dronlari soatiga 300–400 kilometr tezlikka erisha oladi.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset oktabr oyida Pentagon Starshield tizimiga hech qanday cheklov qo‘yish haqida buyruq bermaganini bildirgan edi.

Xabar e’lon qilingan paytda SpaceX Zelenskiyning so‘nggi bayonotlariga ochiq munosabat bildirmagan edi. Biroq kompaniya payshanba kuni AQShning Axios axborot nashriga bergan izohida tezlik cheklovlari qayta joriy etilgani haqidagi da’volarni «haqiqatga zid» deb atab, «hech qanday o‘zgartirish kiritilmaganini» ma’lum qilgan.

Ukraina rahbari, shuningdek, Rossiya kuchlari o‘tgan hafta davomida Ukrainaga qarshi 2 300 dan ortiq hujumchi dron, 1 590 ta boshqariladigan aviabomba va turli rusumdagi 15 ta raketa qo‘llaganini bildirdi.

Zelenskiyning aytishicha, hujumlarda Zaporijjya, Sumi, Odesa, Jitomir va Kirovograd viloyatlaridagi energetika obyektlari hamda Dnipropetrovsk, Xarkiv va Zaporijjya viloyatlaridagi temiryo‘l infratuzilmasi nishonga olingan.