TURKIYA
3 daqiqa o'qish
COP31: "Turkiya iqlim maktabi" xorijlik mehmonlar e’tiborini tortdi
COP31 doirasida tashkil etilgan "Turkiya iqlim maktabi"da ofat xavflarini kamaytirish va yashil kelajak masalalari muhokama qilindi.
COP31: "Turkiya iqlim maktabi" xorijlik mehmonlar e’tiborini tortdi
COP31 Liderler Zirvesi / TRT Özbekçe

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Antalyada bo‘lib o‘tayotgan COP31 doirasida Turkiya Xalq ta’limi vazirligi (MEB) tomonidan tashkil etilgan «Turkiya iqlim maktabi»da mutaxassislar ishtirokida panellar va turli tadbirlar o‘tkazildi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) Ta’lim va xabardorlik departamenti rahbari, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Turkiya vakolatxonasi rahbari hamda xalqaro olimlar ishtirokida «Xabardorlikdan harakatga: Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ofat xavflarini kamaytirishda ta’limga kompleks yondashuvlar» mavzusida panel bo‘lib o‘tdi.

Iqlim o‘zgarishi ekstremal ob-havo hodisalari, qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari, suv toshqinlari va ko‘chkilar kabi ofat xavflarining tez-tez sodir bo‘lishi hamda shiddatini oshirayotgani ta’kidlangan panelda bu holat jismoniy infratuzilma bilan bir qatorda jamiyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmasi va uzluksiz ta’lim olish huquqiga ham bevosita tahdid solayotganiga e’tibor qaratildi.

Ofat xavflarini kamaytirishga qaratilgan yondashuvlar ko‘rib chiqilgan panelda ta’lim tizimlari jamiyatlarning ofatlar va iqlim inqirozlariga nisbatan chidamliligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani urg‘ulandi.

Panel ishtirokchilari mavjud xabardorlik darajasini amaliy harakatga aylantirish uchun maktab o‘quv dasturlaridan tortib o‘qituvchilar salohiyatigacha, idoralararo hamkorlikdan xalqaro tajriba almashuvigacha bo‘lgan ko‘p qirrali va integratsiyalashgan yondashuv zarurligini ta’kidladilar.

Turkiya, Yaponiya va Xitoy misolida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ofat xavflarini kamaytirishda ta’lim tizimlari o‘ynaydigan rol muhokama qilingan panelda iqlim o‘zgarishi va ofat xavflariga qarshi ta’lim sohasidagi ilg‘or tajriba namunalari taqdim etildi.

«Yashil kelajak uchun umr bo‘yi ta’lim» paneli ham o‘tkazildi

«Turkiya iqlim maktabi» «Barcha uchun yashil ko‘nikmalar: Yashil kelajak uchun umr bo‘yi ta’lim» mavzusidagi panelga ham mezbonlik qildi.

Olimlar va soha mutaxassislari ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan panelda energiya samaradorligi, nol chiqindi (chiqindisiz texnologiya), tabiiy resurslardan barqaror foydalanish hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ofat xavflari kabi masalalarda jamiyatning barcha qatlamlari bilim va xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsad va harakatlar kun tartibiga qo‘yildi.

Umr bo‘yi ta’lim tadbirlarining yashil ko‘nikmalarni shakllantirishdagi o‘rni ko‘rib chiqilgan panelda har bir yoshdagi insonlarning xabardorligini oshirish barqarorlik nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

«COP31 yoshlar ovozi» panelida ham olimlar va mutaxassislar tomonidan iqlim ta’limi hamda yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi roli atroflicha muhokama qilindi.

Xorijlik mehmonlar ham katta qiziqish bildirdi

«Turkiya iqlim maktabi»da o‘quvchilar va tashrif buyuruvchilar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar ham davom ettirildi.

«Cho‘llanishni to‘xtat, tuproqni asra» tadbirida mehmonlarga daraxtlarning tuproqni muhofaza qilish va iqlimni muvozanatlashdagi roli tushuntirildi, aqlli shamol to‘sig‘i va eroziyani o‘lchash simulyatorida amaliy namunalar namoyish etildi.

Tadbir maydonida o‘quvchilar tomonidan yaratilgan loyihalar va qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalariga oid ishlanmalar tanishtirildi.

COP31 ning xorijiy ishtirokchilarida ham katta qiziqish uyg‘otgan «Turkiya iqlim maktabi»da ko‘plab mamlakatlardan kelgan mehmonlar ustaxonalarni ko‘zdan kechirib, mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Banan tolasidan to‘qish ustaxonasida to‘quvchilik bilan shug‘ullangan xorijlik mehmonlar ekologik toza amaliyotlar bilan yaqindan tanishdilar.