Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Yevropa ittifoqi (YI) Tashqi Ishlar kengashi doirasida Belgiya poytaxti Bryusselda uyushtirilgan Mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan Ikkinchi vazirlar yig‘ilishi ortidan bayonot berdi.
Yig‘ilish, mavzusi va natijalari jihatidan juda muhim ekanini ta’kidlagan Hakan Fidan o‘zaro bog‘liqlik masalalarida nafaqat strategiya ishlab chiqish balki uni amalga oshirish uchun aniq qadamlar tashlash ham alohida o‘ringa ega ekanini qayd etdi.
Hakan Fidan Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari bilan uchrashganliklarini ifoda etib, ushbu mintaqalar va undan tashqarida o‘zaro bog‘liqlikni qanday yo‘lga qo‘yish, shuningdek, savdo, energetika va ma’lumotlar uzatish jarayonlarini qanday qilib yanada samarali va uzluksiz amalga oshirish masalalarini muhokama qilganliklarini bildirdi.
Ho‘rmuz va Bob al - Mandab bo‘g‘ozlari hamda Qora dengizda urush va inqirozlar sababli yuzaga kelgan to‘siqlardan saboq chiqarib, o‘zaro bog‘liqlikni qanday rivojlantirish mumkinligi muhokama qilinganiniga ham e’tibor qaratgan Fidan Turkiya Yevropa, Qora dengiz, Kavkaz va O‘rta yo‘lak orqali Markaziy Osiyoni bog‘lovchi umumiy markaz sifatida ajralib turishini ta’kidladi.
Fidan mavzu haqida shunday dedi:
«Turkiyaning bu boradagi markaziy o‘rni, albatta, barchaning e’tirofiga sazovor. Biz bu o‘ringa munosib mas’uliyatni o‘z zimmamizga olib, nafaqat yechimlarni taklif qilishimiz balki ularga yetakchilik ham qilishimiz kerak. Bugun aynan shunday ishni amalga oshirdik. Shu jihatdan, mazkur uchrashuv juda o‘rinli bo‘ldi».
Uchrashuv doirasida Ukraina, Germaniya, Litva, Daniya, Bolgariya, Ruminiya va Moldova vakillari bilan ham muloqot qilganini bildirgan Fidan quyidagilarni ta’kidladi:
«Hozir Qora dengiz bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqdamiz. Ayniqsa, g‘alla mahsulotlarini jahon bozorlariga qanday qilib qayta chiqarish mumkinligini o‘rganmoqdamiz. Bu masalada ham Ukraina, ham Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib boryapmiz. Ushbu mavzuni yevropalik hamkorlarimiz va ukrainalik hamkasblarimiz bilan ham muhokama qildik».
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar
Fidan Rossiya - Ukraina urushini tugatish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi vaziyat haqidagi savolga ham javob berdi.
Turkiya ham ilgari bir necha bor ayni formatdagi muzokaralarga mezbonlik qilgani va tomonlar bilan muloqot olib borganini yodga solgan Hakan Fidan mavzu haqida:
«Masalaning asosiy mohiyati hanuz hal etilmaganini ko‘rib turibmiz. Avvalo, jamoatchilikka aynan shu holatni ma’lum qilishni o‘z burchim deb bilaman», - dedi.
Fidanning aytishicha, Rossiya Donbas mintaqasining qolgan qismini ham talab qilmoqda va uni o‘z chegaralari tarkibida ko‘rmoqda. Ukraina esa o‘z hududi deb hisoblagan ushbu mintaqani berishni istamayapti. Aynan shu masala urushning davom etishiga sabab bo‘lmoqda.
«Rossiya hisob - kitobiga ko‘ra, hududning 11–12 foizi, Ukraina hisob - kitobiga ko‘ra esa 18 foizi hozircha qolgan qism hisoblanadi. Hozir aynan shu hududdan tashqaridagi masalalar muhokama qilinmoqda», — dedi Hakan Fidan.
U tinchlik bitimiga erishilgan taqdirda Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi aloqa chizig‘i qayerdan o‘tishini belgilash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bu boradagi eng asosiy masala Donbas muammosi ekanini qayd etdi.
Fidan tomonlarning xavfsizlik kafolatlariga oid talab va kutishlari ham muhim masalalardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida tuziladigan tinchlik bitimi nafaqat ikki davlat, balki Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi tinchlikni ham anglatishini ta’kidlagan Hakan Fidan Yevropa va Rossiya o‘rtasida shakllanadigan yangi xavfsizlik va tinchlik arxitekturasini ochiq muhokama qilish zarurligini bildirdi.
Fidan so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:
«Tomonlar yaqin vaqtgacha bu boradagi pozitsiyalarini to‘liq ochiqlashmagan edi. Muayyan niyatlarini bildirib, - bunday bo‘lsin, unday bo‘lsin - deb kelishardi. Endi esa bu masalalarni bosqichma - bosqich aniq va amaliy tarzda muhokama qilish vaqti keldi. Yevropaning yangi xavfsizlik arxitekturasi qanday bo‘ladi? Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi ziddiyatni markazga qo‘yadigan va bu qarama -qarshilikka barham berishni maqsad qiladigan yangi xavfsizlik tizimi qanday shakllanadi?»
Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bu masalalar bilan ko‘p yillardan beri yaqindan shug‘ullanib kelayotgani sababli katta tajribaga ega ekanini va Turkiya tomonlarga turli takliflar berayotganini ta’kidlagan Fidan shunday dedi:
«Asosiy masalalar — aloqa chizig‘ini belgilash, Donbas muammosini hal etish, undan keyin xavfsizlik kafolatlari, Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi yangi xavfsizlik arxitekturasi, shuningdek, Ukraina qayta tiklanayotgan bir paytda sanksiyalar taqdiri va Rossiyaning muzlatilgan mablag‘lari bilan nima bo‘lishi kabi qator muammolardan iborat».
Fidanning ta’kidlashicha, ayni paytda muhokama qilinayotgan kelishuvning mazmuni va bandlarini aynan shu masalalar tashkil etadi.
«Bular borasida barcha tomonlarni birdek qoniqtiradigan kelishuvga erishish, o‘zingiz ham tushunganingizdek, ancha murakkab masala», — dedi u.
Qora dengizda kemalar qatnovi xavfsizligi
Muzokaralar davom etayotgan bir paytda Qora dengizda kemalar qatnovi xavfsizligini qanday ta’minlash masalasi ham muhim ahamiyat kasb etayotganiga e’tibor qaratgan Fidan, yordamga muhtoj mamlakatlar uchun zarur bo‘lgan bug‘doyni jahon bozorlariga qanday yetkazish mumkinligi ustida ish olib borayotganliklari va bu borada ayrim takliflarni ilgari surganliklarini qayd etdi.
Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan quyidagilarni ma’lum qildi:
«Bugun ushbu takliflarimizning muayyan qismini ham yakunladik. Chunki bu masala Qora dengiz bo‘yida joylashgan Bolgariya va Ruminiyaga ham tegishli. Bugun Bolgariya, Ruminiya va Ukraina vakillari bilan uchrashdik. O‘tgan kunlarda esa Rossiya tomoni bilan ham muloqot qilgan edik.
Umid qilamanki, ko‘z oldimizda turgan reja amalga oshish bosqichiga yetadi va bu masalani hal qilamiz. Chunki bu juda murakkab masala. Rossiya tomoni doimiy tinchlik bitimi tuzilmasdan turib, Ukraina bilan Qora dengiz bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishishni istamayapti.
Shunday ekan, tomonlardan biri bunday kelishuvga moyil bo‘lmagan sharoitda, barcha tomonlar kelisha oladigan umumiy zaminni qanday yaratish mumkin? Bu borada o‘z takliflarimiz bor. Biroq hozircha ularni jamoatchilikka oshkor qilishga erta. Biz bu takliflarni tegishli tomonlar bilan muhokama qilyapmiz. Nasib etsa, ular yaqin kunlarda amalga oshsa, albatta, jamoatchilikka ham ma’lum qilamiz».





















