Eron Inqilob posbonlari korpusi Bahrayndagi Shayx Iso aviabazasida joylashgan AQSH harbiy radar tizimini dron hujumi bilan nishonga olganini bildirdi. Bahrayn rasmiylari esa ehtimoliy tahdid yuzasidan xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qildi.
Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB seshanba kuni tarqatgan bayonotda korpus o‘z jangovar dronlari tongda mazkur radar tizimiga qarshi “aniq nishonga yo‘naltirilgan operatsiya” o‘tkazganini ma’lum qildi.
Korpus hujum AQSH harbiy dronlarining Eron havo hududini takroran buzishiga javob ekanini bildirdi. Shuningdek, kelgusidagi bunday buzilishlar va Eronga hujum qilish uchun mintaqadagi bazalardan foydalanish “javobsiz qolmasligi” haqida ogohlantirdi.
AQSH yoki Bahrayn rasmiylari radar tizimiga qarshi uyushtirilgani da’vo qilinayotgan hujumni ham, ehtimoliy zararni ham hozircha tasdiqlamadi.
Bahrayn Ichki ishlar vazirligi seshanba kuni xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qilib, fuqarolar va mamlakatda yashovchilarni xotirjamlikni saqlashga, eng yaqin xavfsiz hududga o‘tishga hamda voqealar rivojini rasmiy kanallar orqali kuzatishga chaqirdi. Vazirlik ehtimoliy tahdidning xususiyati yoki manbasi haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Ushbu ogohlantirish yakshanba kungi shunga o‘xshash ogohlantirishlardan keyin e’lon qilindi. O‘shanda Bahrayn havo mudofaasi tizimlari Erondan uyushtirilgan bir qator havo hujumlarini nishonlariga yetib bormasidan to‘xtatganini ma’lum qilgan edi.





















