DUNYO
2 daqiqa o'qish
BMT: Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar tizimli qiynoqlarga duch kelmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligi vakili Tamin al-Xitan Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinlik keng ko‘lamli va tizimli qiynoq hamda yomon muomalaga duch kelayotganini bildirdi.
BMT: Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar tizimli qiynoqlarga duch kelmoqda
Israel Prisons Rubber Bullets / AP (Wire)

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligi vakili Tamin al-Xitan Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab falastinlik keng ko‘lamli va tizimli qiynoq hamda yomon muomalaga duch kelayotganini bildirdi. U o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan barcha falastinliklarni ozod etishga chaqirdi.

Al-Xitan Falastinlik mahbuslarni himoya qilish markazining yangi hisoboti yuzasidan berilgan savolga yozma javob qaytardi. Mazkur hisobotda 2026-yilda qariyb 9 ming 200 falastinlik, jumladan, taxminan 380 bola Isroil hibsxonalarida saqlanayotgani qayd etilgan.

BMT vakilining aytishicha, Isroil qamoqxonalar xizmati 2026-yil oktabr holatiga ko‘ra 9 ming 200 dan ortiq falastinlik, iyun holatiga ko‘ra esa 370 dan ortiq falastinlik bola hibsda ekanini tasdiqlagan. Ularning ko‘pchiligi o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan.

«Qo‘limizdagi hujjatlar falastinlik mahbuslar Isroil hibsxonalarida keng ko‘lamli va tizimli qiynoq hamda yomon muomalaga duch kelayotganini ko‘rsatmoqda. Zo‘rlashni ham o‘z ichiga olgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham tasdiqlangan», — dedi al-Xitan.

U o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, majburiy g‘oyib qilish, qiynoq va boshqa yomon muomala holatlariga darhol chek qo‘yishga chaqirdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha idorasi 2023-yil oktabridan buyon kamida 93 falastinlik hibsda vafot etganini tasdiqlagan. Al-Xitan har bir o‘lim yuzasidan mustaqil, tezkor va shaffof tergov o‘tkazilishi hamda aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidladi.

Uning bildirishicha, tergovlar yakunlangunga qadar hibsda saqlash uchun mas’ul idoralar mahbuslarning o‘limi yuzasidan javobgar hisoblanadi.

Isroil hukumati 2023-yil 7-oktabrdan buyon Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining falastinlik mahbuslarni borib ko‘rishiga ruxsat bermayapti. Shuningdek, qo‘mitaga mahbuslar haqida ma’lumot berish ham to‘xtatilgan.

Isroilning B’Tselem inson huquqlari tashkiloti ham falastinlik mahbuslar jinsiy zo‘ravonlik, qiynoq va yomon muomalaga duch kelayotgani, ularning tibbiy yordam olishiga to‘sqinlik qilinayotganini qayd etmoqda.