TURKIYA
4 daqiqa o'qish
Hakan Fidan: Turkiya O‘rta koridor va mintaqaviy bog‘liqlikda markaziy rol o‘ynamoqda
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Bryusselda bo‘lib o‘tgan Mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ikkinchi vazirlar uchrashuvidan so‘ng bayonot berdi.
Hakan Fidan: Turkiya O‘rta koridor va mintaqaviy bog‘liqlikda markaziy rol o‘ynamoqda
Dışişleri Bakanı Fidan / Anadolu Agency (Wire)

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Yevropa Ittifoqi (YI) Tashqi ishlar kengashi doirasida Belgiya poytaxti Bryusselda tashkil etilgan Mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ikkinchi vazirlar uchrashuvi yakunlari yuzasidan bayonot berdi.

Uchrashuvning mavzusi va natijalari jihatidan o‘ta muhim ekanini ta’kidlagan Fidan o‘zaro bog‘liqlik masalalarida nafaqat strategiya ishlab chiqish, balki uni hayotga tatbiq etish uchun amaliy qadamlar tashlash muhimligiga e’tibor qaratdi.

Fidan YI a’zolari hamda Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari bilan uchrashganliklarini ma’lum qilib, ushbu mintaqalar va ulardan tashqarida o‘zaro bog‘liqlikni qanday yo‘lga qo‘yish, shuningdek, savdo, energetika va ma’lumotlar almashinuvini yanada samarali va uzluksiz qilish yo‘llari muhokama qilinganini bildirdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, Bob al-Mandab bo‘g‘ozi va Qora dengizda urush hamda inqirozlar tufayli yuzaga kelgan to‘siqlardan saboq chiqargan holda o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqilganini aytgan Fidan, Turkiya Yevropa, Qora dengiz, Kavkaz va O‘rta koridor yo‘nalishidagi Markaziy Osiyo uchun umumiy bog‘lovchi nuqta sifatida oldinga chiqayotganini ta’kidladi.

«Turkiyaning bu boradagi markaziy roli barcha tomonidan e’tirof etilmoqda. Biz ushbu rolga munosib mas’uliyatni zimmamizga olib, ham yechimlar taklif qilishimiz, ham bu jarayonga yetakchilik qilishimiz zarur. Bugun ham aynan shuni amalga oshirdik, bu uchrashuv shu maqsadda o‘z vaqtida o‘tkazilgan tadbir bo‘ldi», — dedi Fidan.

Uchrashuv doirasida Ukraina, Germaniya, Litva, Daniya, Bolgariya, Ruminiya va Moldova rasmiylari bilan muloqot qilganini ma’lum qilgan vazir shunday dedi: «Hozirda Qora dengiz bo‘yicha olib borayotgan muzokaralarimiz bor. Ayniqsa, g‘alla mahsulotlarini yana qanday qilib jahon bozorlariga olib chiqish mumkin? Biz shuning izlanishidamiz. Ham Ukraina, ham Rossiya tomoni bilan gaplashyapmiz. Bugun yevropalik hamkorlarimiz va ukrainalik do‘stlarimiz bilan ham bu masalani biroz muhokama qildik».

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar

Fidan Rossiya-Ukraina urushini tugatish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) Rossiya, AQSH va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi vaziyatga oid savolga ham javob berdi.

Turkiya ham xuddi shu formatdagi uchrashuvlarga bir necha bor mezbonlik qilgani va tomonlar bilan muzokaralar olib borganini eslatgan Fidan: «Masalaning tub mohiyati hali ham hal etilmaganini ko‘ryapmiz. Avvalo, buni tegishli jamoatchilikka yetkazishni o‘z burchim deb bilaman», — dedi.

Fidan Rossiya Donbass mintaqasining qolgan qismini talab qilayotgani va uni o‘z chegaralari doirasida ko‘rayotganini, Ukraina esa vatan tuprog‘i deb bilgan bu hududni berishni istamayotganini ta’kidlab, aynan shu masala urushning davom etishiga sabab bo‘layotganini qayd etdi.

«Rossiya talqiniga ko‘ra 11-12 foizlik, ukrainaliklarga qarasangiz 18 foizlik hudud — hozirgi kunda ortda qolgan qism shundan iborat. Ayni paytda bu hududdan tashqari boshqa masalalar biroz muhokama qilinmoqda», — degan Fidan tinchlik kelishuviga erishilgan taqdirda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tutashuv chizig‘i qayerdan o‘tishini belgilash muhim ahamiyatga ega ekanini va buning eng asosiy qismi Donbass masalasi ekanini urg‘uladi.

Fidan tomonlarning xavfsizlik kafolatlari borasidagi kutilmalari ham muhim masala ekanini ta’kidladi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida tuziladigan tinchlik nafaqat ikki davlat, balki Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik bo‘lishini aytgan Fidan Yevropa hamda Rossiya o‘rtasidagi ushbu yangi xavfsizlik va tinchlik arxitekturasi ochiq muhokama qilinishi zarurligiga e’tibor qaratdi.

Fidan so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:

«Tomonlar yaqin vaqtgacha bu borada o‘z rejalarini unchalik ochiqlamay kelishayotgan edi. Muayyan niyatlar bilan "unday bo‘lsin, bunday bo‘lsin" deyishardi, ammo endi bu masalalarni asta-sekin aniq va amaliy tarzda muhokama qilish vaqti keldi. Rossiya va Yevropa to‘qnashuvini markazga qo‘yadigan hamda ushbu ziddiyatni to‘xtatishni maqsad qilgan yangi Yevropa xavfsizlik arxitekturasi qanday bo‘ladi?»

Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an ushbu masalalar bilan yillar davomida yaqindan shug‘ullanib kelayotgani bois katta tajribaga ega ekanini va Turkiya tomonlarga o‘z takliflarini berayotganini ta’kidlagan Fidan: «Asosiy masala — tutashuv chizig‘ini belgilash, Donbass muammosini hal qilish, undan so‘ng xavfsizlik kafolatlari hamda Yevropa-Rossiya o‘rtasidagi yangi xavfsizlik arxitekturasi. Albatta, Ukraina qayta tiklanayotgan bir paytda sanksiyalar nima bo‘ladi, Rossiyaning muzlatilgan mablag‘lari taqdiri qanday kechadi kabi bir qator muammolar mavjud», — dedi.

Fidan tilga olingan masalalar hozirda muhokama qilinayotgan kelishuvning mazmuni va bandlarini tashkil etishini bildirib: «Bularning barchasida hamma tomonlarni qoniqtiradigan tarzda kelishuvga erishish, o‘zingiz ham tushunasizki, ancha murakkab masala», — deya qo‘shimcha qildi.

Qora dengizda kemalar qatnovi xavfsizligi

Ushbu jarayonlar davom etar ekan, Qora dengizda kemalar qatnovi xavfsizligini qanday ta’minlash muhim masala ekaniga e’tibor qaratgan Fidan kambag‘al davlatlar ehtiyoj sezayotgan bug‘doyni bozorlarga qanday yetkazib berish ustida ish olib borilayotgani va bu borada ayrim takliflar ilgari surilganini ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vaziri Fidan quyidagilarni qayd etdi:


«Bugun aslida o‘sha takliflarning ma’lum bir qismini yakuniga yetkazdik. Chunki bu masala ma’lum darajada Qora dengiz bo‘yida joylashgan Bolgariya va Ruminiyaga ham tegishli. Bugun ham Bolgariya, ham Ruminiya, ham ukrainalik do‘stlarimiz bilan bir joyga yig‘ildik. O‘tgan kunlarda rossiyaliklar bilan ham uchrashgan edik. Xudo xohlasa, miyamizdagi formula bir natija beradi va biz buni hal qilamiz. Bu murakkab tenglama, chunki rossiyaliklar doimiy tinchlik kelishuvi bo‘lmasdan turib, ukrainaliklar bilan Qora dengizda vaqtinchalik kelishuv tuzishni istashmayapti. Shu bois, bunday istaksizlik mavjud bo‘lgan sharoitda tomonlar o‘zaro kelisha oladigan zaminni qanday yaratish mumkin? Bu borada g‘oyalarimiz bor, biroq hozircha ularni jamoatchilik bilan bo‘lishishga erta, tegishli tomonlar bilan muhokama qilyapmiz. Ertaga yoki biror kun, nasib qilsa, hayotga tatbiq etilsa, albatta baham ko‘ramiz».