Tahlillar kristallar sof oltingugurt ekanini tasdiqladi. Marsda ilgari oltingugurt va kisloroddan tashkil topgan sulfat minerallari uchragan bo‘lsa-da, sof elementar oltingugurt ilk bor aniqlandi.
Bundan tashqari, o‘xshash toshlar qariyb 2 ming 100 kvadrat metrlik maydonga tarqalgani ma’lum bo‘ldi.
Milliardlab yil avval hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin
Science jurnalida 2026-yil iyun oyida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, oltingugurt yotqiziqlari taxminan 3,1–2,8 milliard yil avval hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Olimlarning fikricha, qadimgi vulqon faoliyati paytida ajralib chiqqan oltingugurtli gazlar yer ostida to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan yer yuzasining yemirilishi natijasida bu gazlarning chiqishi va kimyoviy reaksiyalar orqali sof oltingugurt kristallarining hosil bo‘lishi ehtimoliy ssenariylardan biri hisoblanadi.
Marsda hayotni izlash tadqiqotlari
Oltingugurt tirik organizmlar oqsil ishlab chiqarishda foydalanadigan aminokislotalarning hosil bo‘lishi uchun zarur elementlardan biridir.
Tadqiqotchilar Marsda sof oltingugurt topilishi sayyorada hayot borligini anglatmasligini ta’kidlamoqda.
Boshqa bir tadqiqotda ham sof oltingugurt tirik organizmlar ishtirokisiz, kimyoviy reaksiyalar orqali hosil bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatildi.
Olimlarga ko‘ra, ushbu kashfiyot Marsning milliardlab yil avvalgi atrof-muhit sharoitlari va sayyoraning geologik tarixini tushunishga yordam berishi mumkin.





















