Kordone Suriyadagi voqealarni muhokama qilish uchun “Yaqin Sharqdagi vaziyat” mavzusida yig‘ilgan BMT Xavfsizlik Kengashida so‘zga chiqdi.
Suriyada Asad rejimi ag‘darilganining ikki yilligi yaqinlashar ekan, siyosiy o‘tish jarayoni, iqtisodiy tiklanish va xavfsizlik sohalarida muhim qadamlar tashlanganini ta’kidlagan Kordone hali ko‘proq ish qilish zarurligini bildirdi.
“Tezkor iqtisodiy tiklanish Suriyadagi o‘tish jarayonining barqarorligi uchun nihoyatda muhim. Jahon banki faqat zarar ko‘rgan moddiy obyektlarni qayta tiklash xarajatlarini 216 milliard dollarga baholamoqda”, — degan Kordone Suriyaning izchil xalqaro yordamga muhtojligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, bu ehtiyojlar davlat mablag‘lari, taraqqiyotga ko‘mak va xususiy sektor investitsiyalarini qamrab oladi. Kordone sanksiyalarning yumshatilishi, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning kengayishi iqtisodiy tiklanishni tezlashtirishi mumkinligini ham qayd etdi.
Qayta qurish ishlari faqat infratuzilmaga sarmoya kiritishdan iborat emasligini ta’kidlagan Kordone mahalliy ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda ayollar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va zarar ko‘rgan jamoalar ham o‘z so‘zini ayta olishi kerakligini bildirdi.
Suriyaning suvereniteti buzilishi xavotir uyg‘otmoqda
Kordone Isroilning Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzuvchi harbiy harakatlari davom etayotganini aytdi. U Isroil kuchlarining hududdagi harbiy faoliyati, vaqtinchalik nazorat punktlari, odamlarni hibsga olishi, artilleriya o‘qlari hamda qishloq xo‘jaligi va suv infratuzilmasiga yetkazayotgan zarari tinch aholi uchun jiddiy oqibatlar tug‘dirayotganini ta’kidladi.
Kordone Isroilning 21-oktabr kuni Daraning g‘arbidagi Jamla qishlog‘ida uyushtirgan hujumlarida nogironligi bo‘lgan bir kishi o‘ldirilganini qoraladi. U Go‘lon tepaliklarida kuchlarni ajratish to‘g‘risidagi 1974-yilgi kelishuv buzilishiga chek qo‘yish va Suriya suverenitetini to‘liq hurmat qilish haqidagi chaqirig‘ini takrorladi.
Suriyani mintaqaviy mojarolarga tortmaslik kerakligini ta’kidlagan Kordone mamlakat o‘tish jarayoni, iqtisodiy tiklanish va qayta qurishga e’tibor qaratishi muhimligini bildirdi.
Suriyada 2,4 million kishi qishki yordamga muhtoj
BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) favqulodda vaziyatlar koordinatori o‘rinbosari Muhammad Yahyo ham 2024-yil dekabridan buyon qariyb 4 million suriyalik o‘z uyiga ixtiyoriy qaytganini, biroq 730 mingdan ortiq kishi hamon lagerlarda yashayotganini aytdi.
Yahyo Suriyada qish yaqinlashishi bilan qariyb 2,4 million kishi qo‘shimcha gumanitar yordamga muhtoj bo‘lishini, ammo qishki yordam rejasining atigi 40 foizi moliyalashtirilganini bildirdi.
Qishki yordam rejasi eng katta xavf ostidagi 970 mingdan ortiq kishini qamrab olishni ko‘zlayotganini ta’kidlagan Yahyo qariyb 200 ming ko‘chirilgan va uyiga qaytgan kishi sovuqdan yetarlicha himoya qilmaydigan, zarar ko‘rgan boshpanalarda yashayotganini ma’lum qildi.
“So‘nggi kuchli yog‘ingarchilik va to‘satdan yuz bergan suv toshqinlari vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Yuzlab boshpana va uylarni suv bosdi, ko‘plab muhim ko‘priklar vayron bo‘ldi, qariyb 500 gektar maydondagi ekinlar nobud bo‘ldi”, — dedi u.
Yahyo Suriyaga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha umumiy chaqiriq doirasidagi ehtiyojlarning ham atigi uchdan biri moliyalashtirilganini bildirib, xalqaro hamjamiyatni gumanitar yordamni moliyalashtirishni davom ettirishga chaqirdi.
U suriyalik tinch aholi yanada kuchli beqarorlikka dosh bera olmasligini ta’kidladi.





















