Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz, erkin va uzluksiz kematoshuvini (navigatsiyani) ta’minlash mintaqaviy barqarorlik, jahon energetika xavfsizligi hamda xalqaro savdo uchun g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.
Seshanba kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan birgalikda bayonot bergan Fidan, AQSh va Eron o‘rtasida erishilgan kelishuvni olqishladi hamda buni mintaqadagi taranglikni yumshatishga xizmat qiladigan muhim diplomatik qadam deb baholadi.
"Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdog‘an ham ta’kidlaganidek, eng katta umidimiz — mintaqamiz va butun dunyoga biroz nafas olish imkonini bergan ushbu qadamning vaqtinchalik tinchlik davri bilan cheklanib qolmay, tizimli va bardavom xavfsizlik arxitekturasiga aylanishidir", — dedi Fidan.
U Turkiya mazkur kelishuvning yakuniy imzolash bosqichiga o‘tishini, to‘liq amalga oshirilishini hamda doimiy diplomatik mexanizmga aylanishini umid qilayotganini bildirdi.
"Yakuniy imzolar qo‘yilishi arafasidagi ushbu nozik pallada tinchlik muhitiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ritorikadan qochish hamda Isroilning jarayonni izdan chiqarishga qaratilgan har qanday sabotaj urinishlarining oldini olish g‘oyat muhim ahamiyatga ega", — deya qo‘shimcha qildi vazir.
Hurmuz jahon energetika xavfsizligi uchun "hayotiy" ahamiyatga ega
Turkiya bosh diplomati AQSh va Eron rahbarlari tomonidan namoyish etilgan siyosiy iroda kelishuvga erishishda hal qiluvchi rol o‘ynaganini alohida qayd etdi.
"Biz Pokistonning vositachilik sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz, shuningdek, Qatar va Saudiya Arabistoni tomonidan diplomatik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasida tashlangan qadamlarni olqishlaymiz", — dedi u.
Fidan, shuningdek: "Inqirozga qadar bo‘lganidek, barcha kemalarning Hurmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz, erkin va to‘xtovsiz o‘tishini kafolatlash nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki jahon energetika xavfsizligi va xalqaro savdo uchun ham hayotiy zaruratdir", — deya ta’kidladi.
Vazir ushbu kelishuv keng ko‘lamli mintaqaviy tinchlik jarayoniga yo‘l ochishiga umid bildirar ekan, Anqara bunday sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ishonch bilan qayd etdi.



















