TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya va Niderlandiya o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘l xaritasini qabul qildi
Ushbu kelishuv Niderlandiyaning Gaaga shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiya–Niderlandiya Qo‘shma iqtisodiy va savdo qo‘mitasining (JETCO) 6-yig‘ilishi doirasida imzolandi.
Turkiya va Niderlandiya o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘l xaritasini qabul qildi
Turkiya savdo vaziri Bolat Gaagada bayonnomani imzolash maqsadida JETCO’ning 6-sessiyasi doirasida niderlandiyalik hamkasbi Sjoerdsma bilan uchrashdi. / AA

Turkiya va Niderlandiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha yangi yo‘l xaritasi belgilandi. Bu haqda Turkiya savdo vaziri O‘mer Bolat ma’lum qildi.

Payshanba kuni Niderlandiyaning Gaaga shahrida Turkiya–Niderlandiya Qo‘shma iqtisodiy va savdo qo‘mitasining (JETCO) 6-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Majlisga Turkiya savdo vaziri O‘mer Bolat hamda Niderlandiyaning Tashqi savdo va rivojlanish hamkorligi vaziri Sjoerd Sjoerdsma raislik qildi.

Vazir Bolatning ta’kidlashicha, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kelgusi davrda yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq yo‘l xaritasini tasdiqlab oldilar. JETCO doirasida tomonlar strategik ahamiyatga ega qator sohalarni, jumladan, ikki tomonlama savdo va investitsiyalar, pudratchilik hamda texnik konsultatsiya xizmatlari, uchinchi mamlakatlardagi hamkorlik, kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv boshqaruvi, transport, moliyaviy hamkorlik va aylanma iqtisodiyot sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Vazirlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi kun tartibidagi muhim masalalar — xususan, Bojxona ittifoqining modernizatsiyasi va “yashil” transformatsiya jarayonlari yuzasidan fikr almashdilar. O‘mer Bolat Turkiya va Niderlandiya o‘zaro manfaatga asoslangan kuchli iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish hamda hamkorlikni yangi yo‘nalishlarga kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Vazir ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 2015-yilda 6,3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 13,3 milliard dollargacha o‘sib, o‘n yillikda ikki barobardan ortiqga ko‘payganini qayd etdi. Niderlandiya ayni damda Turkiyadagi eng yirik xorijiy investor bo‘lib, mamlakatdagi investitsiyalar zaxirasi 39,2 milliard dollarni tashkil etadi. O‘z navbatida, Turkiyaning Niderlandiyaga kiritgan investitsiyalari ham 24,3 milliard dollarga yetgan.

Niderlandiya Yevropadagi Turkiyaning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanib, savdo, logistika, qishloq xo‘jaligi, energetika, suv texnologiyalari va moliya sohalarida yaqin aloqalarga ega. Shuningdek, mazkur davlat turk kompaniyalari uchun Yevropa bozorlariga chiqishda muhim baza vazifasini o‘taydi.

JETCO yig‘ilishlari ikki mamlakat hukumat vakillari va biznes tashkilotlarini birlashtirib, o‘zaro savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu mexanizm savdo to‘siqlarini bartaraf etish, yangi hamkorlik sohalarini aniqlash hamda xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi sheriklikni qo‘llab-quvvatlash uchun samarali platforma hisoblanadi. Majlis yakunida imzolangan 6-chi JETCO protokoli belgilangan umumiy maqsadlar asosida savdo, investitsiya va texnologiya sohalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi hamda turk va niderland kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada jadallashtiradi.