TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Gretsiya matbuotida Turkiya xavotiri: Yevropa Anqaraga yo‘nalmoqda
Gretsiyada joylashgan Europost nashrida Yevropa davlatlarining xavfsizlik va mudofaa masalalarida Anqara bilan hamkorlikni chuqurlashtirayotgani Gretsiya uchun “yangi va qattiq haqiqat” sifatida baholandi.
Gretsiya matbuotida Turkiya xavotiri: Yevropa Anqaraga yo‘nalmoqda
Turkiya va Yunoniston bayroqlari / User Upload

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Donald Trump rahbarligida Yevropadan bosqichma-bosqich uzoqlashayotgani natijasida yuzaga kelgan bo‘shliqni Turkiya to‘ldirayotgani ta’kidlandi. Bu holat Yevropa poytaxtlarini Anqara bilan yanada yaqin hamkorlik qilishga undayotgani va Turkiyaning geosiyosiy mavqeini hech qachon bo‘lmagan darajada mustahkamlagani qayd etildi.

Turkiya Yevropa xavfsizligining asosiy ustuniga aylanmoqda

Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Güler ta’kidlaganidek, mamlakat endi faqat mintaqaviy ittifoqchi emas, balki Yevropa xavfsizligining muhim aktyori sifatida qabul qilinmoqda. Anqaraning harbiy qudrati va diplomatik manevr qobiliyati Yevropa Ittifoqi va NATO ichidagi muvozanatni o‘zgartirdi.

Prezident Rejep Tayyip Erdo’g’an rahbarligidagi Turkiyaning G‘arb bilan birga Rossiya va Eron kabi davlatlar bilan ham muloqot olib bora oladigan yagona “ko‘prik mamlakat” ekani xalqaro inqirozlarda vositachilik rolini mustahkamladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Turkiyaning mintaqadagi muvozanatlashtiruvchi roli Yevropa uchun muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.

IHA texnologiyasi va Eurofighter qadami muvozanatni o‘zgartirmoqda

Turkiyaning mudofaa sanoatidagi yutuqlari, xususan Bayraktar TB2 kabi uchuvchisiz uchish apparatlarining jang maydonidagi muvaffaqiyati Yevropaning texnologik tanlovlariga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula von der Leyen ilgari surgan “Yevropa IHA devori” loyihasida Turkiyaning ehtimoliy ishtiroki Afinada xavotir bilan qarshi olindi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer qo‘llab-quvvatlagan Eurofighter qiruvchi samolyotlari savdosi jarayoni hamda Turkiyaning migratsiya, energetika va xavfsizlik sohalaridagi ajralmas roli Gretsiyaning Egey dengizi va Sharqiy O‘rta yer dengizidagi pozitsiyalarini himoya qilishini qiyinlashtirayotgan omillar sifatida baholandi.

Afina uchun murakkab jarayon boshlandi

Gretsiya matbuotidagi tahlillarga ko‘ra, Yevropaning mudofaa mustaqilligiga erishish yo‘lida Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarning Anqara bilan strategik hamkorlikni kuchaytirishi Afinaning muzokara kuchini zaiflashtirishi mumkin.

Mintaqadagi muvozanatning tez sur’atlarda Turkiya foydasiga o‘zgarayotgani Gretsiya uchun yanada ehtiyotkor va strategik siyosat yuritishni zarur qilmoqda.