Ukrainalik rasmiylar mamlakat janubidagi Xerson shahrida yo‘lovchi avtobusiga qaratilgan Rossiya dron hujumida ikki kishi halok bo‘lganini, yetti kishi esa yaralanganini ma’lum qildi.
Viloyat gubernatori Oleksandr Prokudin Telegram orqali qilgan bayonotida, qurbonlarning aksariyati kommunal xizmat xodimlari ekanini bildirdi.
Prokudin voqea joyidan e’lon qilgan tasvirlarda oynalari sinib ketgan avtobus va yerda qon izlari yonida yotgan jasadni ko‘rsatdi.
Ukraina Inson huquqlari ombudsmani Dmytro Lubinets esa: “Bunday hujumlar tinch aholiga qarshi olib borilayotgan tizimli terror siyosatining bir qismidir,” dedi.
Rossiya kuchlari tomonidan egallab olingan yagona viloyat markazi bo‘lgan Xerson 2022-yilda Ukraina qo‘shinlari tomonidan qaytarib olingan edi. Biroq shahar Dnepr daryosining narigi qirg‘og‘ida joylashgan Rossiya kuchlarining tobora kuchayib borayotgan hujumlariga duch kelmoqda.
Ukraina rasmiylari Moskva kuchlarini front chizig‘iga yaqin hududlarda, ayniqsa Xersonda, tinch aholiga qarshi qasddan va tizimli kichik dron hujumlari uyushtirishda ayblamoqda.
So‘nggi bir necha oy davomida deyarli har kuni hujumlarga uchrayotgan Odessa viloyati ham tunda yana zarbaga uchradi.
Viloyat gubernatori Oleh Kiper Telegram’dagi bayonotida, portdagi ombor va atrofdagi binolar zarar ko‘rganini ma’lum qildi.
Ukraina Havo kuchlari Rossiya tomonidan tunda uchirilgan 163 ta uzoq masofali drondan 142 tasi urib tushirilganini bildirdi.











