IQTISODIYOT
2 daqiqa o'qish
Neft narxlari AQSh rejalari ortidan o‘sishni davom ettirmoqda
Neft narxlari AQShning Eron portlariga qo‘yilgan blokadani uzaytirishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan, so‘nggi bir necha kun davom etayotgan o‘sishini davom ettirdi.
Neft narxlari AQSh rejalari ortidan o‘sishni davom ettirmoqda
_

Chorshanba kuni neft narxlari AQShning Eron portlariga qo‘yilgan blokadani uzaytirishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan, so‘nggi bir necha kun davom etayotgan o‘sishini davom ettirdi. Bu holat Yaqin Sharqdagi muhim neft ishlab chiqaruvchi hududdan yetkazib berishdagi uzilishlar uzoqroq davom etishiga olib kelishi mumkin.

The Wall Street Journal gazetasi seshanba kuni kechqurun AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp, yordamchilariga Eronga nisbatan blokadani uzaytirishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan.

Xabarga ko‘ra Tramp Eron iqtisodiyoti va uning neft eksportiga bosimni davom ettirish maqsadida mamlakat portlariga kirish - chiqishni cheklashni davom ettiradi.

Iyun oyiga mo‘ljallangan Brent nefti fyucherslari GMT 01:54 da bir barrel uchun 52 sent yoki 0,47% ga oshib, 111,78 dollarga yetdi va sakkizinchi kun ketma - ket o‘sdi. Iyun shartnomasi payshanba kuni yakunlanadi, hozirda faolroq bo‘lgan iyul shartnomasi esa 0,4% ga ko‘tarilib, 104,84 dollardan savdo qilinmoqda.

Iyun oyiga mo‘ljallangan AQShning G‘arbiy Texas yengil nefti (WTI) fyucherslari avvalgi sessiyada 3,7% ga oshganidan so‘ng yana 57 sent yoki 0,57% ga ko‘tarilib, bir barrel uchun 100,50 dollarga yetdi va oxirgi sakkiz kunning yettitasida o‘sish qayd etdi.

Haitong Futures kompaniyasi tahlilchisi Yang An shunday dedi: «Neft narxlarining so‘nggi o‘sishi, bo‘g‘ozdagi blokada bilan bog‘liq. Agar Tramp uni uzaytirishga tayyor bo‘lsa, yetkazib berishdagi uzilishlar yanada kuchayadi va bu narxlarning yana oshishiga olib keladi».

28 - fevral kuni boshlangan AQSh – Isroil – Eron urushida o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilingani va tomonlar mojaroni rasman tugatishga urinayotganiga qaramay Eron global neft va suyultirilgan gaz yetkazib berishining qariyb 20 foizi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini to‘xtatdi. AQSh esa Eron portlarini blokada ostiga oldi. Bu esa vaziyatni murakkab boshi berk ko‘chaga olib kelmoqda.

AQSh Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa Eron so‘nggi mojarolar tufayli kompensatsiya, iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan ma’lum darajada nazorat talab qilmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi global zaxiralarning kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Bozor manbalari seshanba kuni kechqurun Amerika neft institutining AQSh xom neft zaxiralari ketma - ket ikkinchi hafta kamayganini bildirganini ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra 24 - aprel bilan yakunlangan haftada, xom neft zaxiralari 1,79 million barrelga kamaygan. Benzin zaxiralari 8,47 million barrelga, distillyat yoqilg‘i zaxiralari esa 2,60 million barrelga qisqargan.