Eron Islom Inqilobi Muhofizlari Korpusi (IRGC) payshanba kuni AQShning Eronga bergan zarbalariga javoban, Iordaniyada joylashgan va tarkibida AQShning F-35, F-15 hamda F-16 qiruvchi samolyotlari borligi aytilgan bazani nishonga olganini ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, IRGC Havo-kosmik kuchlari Muaffaq Salti (Al-Azraq) aviabazasiga va AQSh harbiylariga tegishli ekani ta’kidlangan muhim obyektlarga 12 ta ballistik raketa otgan. Bayonotda ushbu hujum natijasida baza infratuzilmasi, shuningdek, u yerda joylashgan ko‘plab AQSh harbiy samolyotlari yo‘q qilingani iddao qilindi.
IRGC ushbu zarbalar AQShning Tehrondan g‘arbda joylashgan Karaj va Nazarobod yaqinidagi dam olish maskani, sanoat majmuasi hamda Pishva tumani hududidagi mahalliy Muhofizlar korpusi bazasiga qaratilgan raketa hujumlariga javoban amalga oshirilganini bildirdi. Bayonotda, shuningdek, "dushman tajovuzi" davom etar ekan, amaliyotlar ham to‘xtamasligi qo‘shimcha qilindi.
Bundan tashqari, IRGC Kuvaytdagi "Ali al-Salem" va "Ahmad al-Jaber" bazalarida AQShning 18 ta yirik harbiy obyekti zarba ostiga olinganini, shuningdek, Bahrindagi "Shayx Isa" aviabazasiga ham hujum uyushtirilganini ma’lum qildi. Eron harbiy manbalari "Patriot" havo mudofaa tizimlari, aloqa markazlari va Bahrinda joylashgan AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti nishonga olingani haqida xabar bergan.
Ushbu voqealar AQShning Eron janubiga bergan zarbalari va buning ortidan Eron tomonidan mintaqa bo‘ylab AQSh harbiy obyektlariga qaratilgan javob hujumlari sababli keskinlashib borayotgan taranglik fonida yuz berdi.









