TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Guven: Yaqin Sharqdagi tinchlik global zaruratdir
Turkiyaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) huzuridagi Doimiy vakili o‘rinbosari Asli Guven Yaqin Sharqdagi beqaror vaziyatga e’tibor qaratib, mintaqada tinchlikni ta’minlash “global zarurat” ekanini ta’kidladi.
Guven: Yaqin Sharqdagi tinchlik global zaruratdir
Birlashgan Millatlar Tashkiloti logotipi (AP)

Guven BMT Xavfsizlik Kengashining (BXK) “Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash” kun tartibi doirasida o‘tkazilgan “Yaqin Sharqda siyosiy yechimlarni rivojlantirish: barqaror tinchlik uchun vositachilik va muloqot” mavzusidagi ochiq muhokamada Turkiya nomidan so‘zga chiqdi.

“Bugun mintaqamiz yaqin tarixdagi eng beqaror davrlardan birini boshdan kechirmoqda. G‘azzoda millionlab insonlar xavfsizlik va kelajakka ishonchsizlik sharoitida hayot kechirmoqda”, degan Guven, Isroil sulhga qaramay “o‘z majburiyatlarini mensimaslikda” davom etayotganini bildirdi.

Guvenning ta’kidlashicha, Isroil “G‘arbiy Sohildagi ishg‘olini yanada mustahkamlayotgan va ikki davlatli yechimni ataylab izdan chiqarayotgan” siyosatini davom ettirmoqda.

U Tel-Aviv ma’muriyatining Suriya va Livandagi “beqarorlashtiruvchi harakatlari”ga ham to‘xtalib, shunday dedi:

“So‘nggi to‘qnashuvlar va ularning Fors ko‘rfazi mintaqasiga ta’siri mintaqaviy taranglik qanchalik tez kuchayishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu jarayon insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, global bozorlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdid solishi mumkin.”

Guven mintaqa ko‘plab inqiroz va mojarolar bilan o‘ralgan murakkab davrni boshdan kechirayotganini ta’kidlab:

“Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va hamkorlikni rivojlantirish nafaqat mintaqaviy zarurat, balki global mas’uliyatdir”, dedi.

“Turkiya barcha vositachilik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor”

BMTdagi doimiy vakil o‘rinbosari Guven Anqaraning mintaqaviy tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlariga ham to‘xtaldi.

“Turkiya G‘azodan Ukrainagacha, Afrika Shoxidan undan tashqaridagi hududlargacha bo‘lgan masalalarda konstruktiv muloqot va amaliy diplomatiyaga sodiqligini namoyon etdi”, dedi u.

G‘azodagi vositachilik tashabbuslaridan tashqari, Turkiya Eron bilan muloqotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ham faol qo‘llab-quvvatlayotganini bildirgan Guven, bundan keyin ham mintaqadagi mojarolarni tugatishga qaratilgan barcha vositachilik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Guven so‘zlarini quyidagicha yakunladi:

“Inson hayoti, inson sha’ni hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni himoya qilish uchun qabul qilingan qoidalar e’tiborsiz qoldirilsa, hech qanday siyosiy jarayon barqaror davom eta olmaydi. Xavfsizlik Kengashi bu borada alohida mas’uliyatga ega.