Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrish sakkiz oy avval e’lon qilingan sulhga qaramay G‘azoda «chuqur noaniqlik va katta insoniy azob - uqubatlar» davom etayotgani haqida ogohlantirdi.
Guterrisning bayonoti Isroil AQSh o‘rtamchiligida oktabr oyida kuchga kirgan sulh kelishuviga qaramay G‘azoga qaratilgan qonli hujumlarini davom ettirayotgan bir paytda qayd etildi.
G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra sulh kuchga kirganidan buyon Isroilning G‘azoga qarshi uyushtirgan hujumlari oqibatida falastinlik kamida 981 kishi halok bo‘lgan, 3 ming 104 kishi esa jarohatlangan.
Isroilning 2023 - yilda G‘azoda boshlagan genotsidi davomida esa falastinlik kamida 72 ming 991 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Bolalarni himoya qilishga chaqiriq
Birlashgan Millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) G‘azo va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda ko‘plab bolalar halok bo‘lgan va jarohatlangan so‘nggi hujumlar ortidan Isroilni «falastinlik bolalarni himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishga» chaqirdi.
UNICEFning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduard Beygbeder G‘arbiy Sohildagi al - Xalil shahri yaqinida yetti oylik chaqaloq halok bo‘lgan qurolli hujum hamda hafta oxirida G‘azoda Isroil tomonidan uyushtirilgan zarbalar oqibatida sakkiz nafar bolaning o‘ldirilganiga e’tibor qaratdi.
Beygbeder o‘z bayonotida: «Buning yangi odatiy holatga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bolalarning zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘lishi butun dunyoda g‘azab uyg‘otishi va barcha darajalarda qoralanishi lozim» - dedi.
Uning ta’kidlashicha: «Sharqiy Quddusni ham o‘z ichiga olgan G‘arbiy Sohilda bolalar va ularning oilalarining o‘ldirilishi hamda yaralanishi, majburiy ko‘chirishlar, maktablar, uylar, suv va sog‘liqni saqlash infratuzilmasiga qarshi uyushtirilgan hujumlar bolalar huquqlarining ochiqchasiga poymol etilayotganidan dalolat bermoqda».
Beygbeder bolalar halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan har bir holat yuzasidan Isroil rasmiylarini «shaffof, ishonchli va qat’iy tergovlar o‘tkazish hamda javobgarlikni ta’minlashga» chaqirdi.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroilning falastinliklarga, jumladan bolalar va boshqa tinch aholiga qarshi sodir etilgan hujumlarda Isroil harbiylari yoki ko‘chmanchilarining ehtimoliy ishtirokini tekshirish va aybdorlarni javobgarlikka tortish borasida muntazam ravishda yetarli choralar ko‘rmayotganini qayd etmoqda.













