Rossiyaning Leningrad viloyatida mamlakatning eng yirik elektron savdo platformasi Wildberries’ga tegishli omborga uchuvchisiz uchish apparati — dron orqali uyushtirilgan hujum oqibatida yong‘in chiqdi. Hodisada 3 kishi jarohatlandi.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko yozma bayonotida hududning Vsevolojsk tumanidagi Wildberries omboriga dron hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi.
Drozdenkoning aytishicha, hujum oqibatida omborda yong‘in yuzaga kelgan. Uch kishi jarohatlanib, shifoxonada davolanish uchun yotqizilgan.
Drozdenko yana bir dron Kirov tumanidagi parrandachilik korxonasiga qarashli omborlardan biriga kelib urilganini bildirdi. Bino qisman qulagan, biroq hodisada hech kim jarohatlanmagan.
Wildberries kompaniyasi esa hujumdan so‘ng hududdagi ayrim logistika markazlarining faoliyatini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda Rossiyaning eng yirik elektron savdo platformasi Wildberries’ga tegishli turli logistika markazlariga dronlar yordamida ko‘plab hujumlar uyushtirilmoqda.





















