Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov amerikalik hamkasbi Marko Rubio bilan o‘tkazgan uchrashuvida Ukraina inqirozini muhokama qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Lavrov va Rubio Filippin poytaxti Manila shahrida o‘tkazilgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi — ASEAN yig‘ilishlari doirasida uchrashdi.
Ukraina inqirozi muhokama qilingan uchrashuvda Lavrov amerikalik hamkasbiga frontdagi haqiqiy vaziyat haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u “Kiyev ma’muriyatiga qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali Rossiyani strategik mag‘lubiyatga uchratishga urinayotgan Yevropa davlatlarining vaziyatni beqarorlashtiruvchi siyosati qabul qilib bo‘lmasligini” ta’kidladi.
Lavrov Rossiya tomoni masalani siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal etishga tayyorligini hamda AQSh bilan 15-avgust kuni o‘tkazilgan Alyaska sammitida erishilgan kelishuvlarga sodiq qolayotganini tasdiqladi.
Ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash masalasi muhokama qilindi
Mintaqaviy va xalqaro masalalar ham ko‘rib chiqilgan uchrashuvda ikki vazir Fors ko‘rfazidagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi.
Ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash jarayoni muhokama qilinar ekan, Rossiya va AQSh diplomatik vakolatxonalarining ish sharoitlarini yaxshilash masalasi ham kun tartibiga kiritildi.
Lavrov va Rubio Rossiya Federal kosmik agentligi — Roskosmos hamda AQSh Milliy aeronavtika va fazoviy tadqiqotlar boshqarmasi — NASA o‘rtasidagi aloqalar qayta tiklanganini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Ular, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi almashinuvlarni va madaniy aloqalarni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.



















