Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Qatarga tashrifi chog‘ida Qatar televideniyesiga intervyu berdi.
Qatar va Turkiya tarixiy hamda mustahkam munosabatlarga ega ikki davlat ekaniga e’tibor qaratgan Fidan, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikka marhum Qatar Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy davrida asos solinganini ta’kidladi.
Hakan Fidan shunday dedi:
“Bugun Livandan Afg‘onistongacha, Afg‘onistondan Sudangacha, Sudandan G‘azogacha, Falastin va Eron masalalarigacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarda Turkiya–Qatar hamkorligi namoyon etayotgan o‘ziga xos namuna mintaqadagi boshqa davlatlar tomonidan ham e’tirof etilayotganini ko‘ryapmiz. Aslida, biz doimo ta’kidlab kelganimizdek, mintaqada raqobat o‘rniga konstruktiv hamkorlik zarur. Qatar ham buning uchun juda jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda”.
Fors ko‘rfazi mintaqasida, avvalo Qatar, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Ummon so‘nggi yillarda juda katta taraqqiyotga erishganiga e’tibor qaratgan Fidan, ushbu mamlakatlar rivojlanish va asosiy xizmatlar sohasini takomillashtirib, jahon standartlariga mos kuchli davlatlar va zamonaviy shaharlarni barpo etganini bildirdi.
Hakan Fidan 28-fevraldan buyon davom etayotgan AQSh–Eron urushi mintaqa iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, urushning yanada kengayish xavfi mintaqada ko‘proq muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Hozirda infratuzilma obyektlariga hujumlar amalga oshirilayotganini eslatgan Fidan:
“Tilagimiz shuki, Eron va Amerika imkon qadar tezroq yana bir kelishuvga qaytsin. Ma’lumki, Pokistonning vositachiligi, Qatarning faol ishtiroki va Turkiyaning hissasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi ishlab chiqilgan edi. Ammo keyinchalik bu kelishuvdan uzoqlashildi. Endi unga yana qaytish zarur”, deya ta’kidladi.
Tashqi ishlar vaziri Qatarga tashrifi doirasida o‘tkazgan uchrashuvlarida ushbu masalalarni muhokama qilganini aytib, quyidagilarni bildirdi:
“Shuni mamnuniyat bilan ko‘ryapmanki, Qatar bu inqirozni hal etish uchun barcha konstruktiv usullar va mavjud kanallardan foydalanib, qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga harakat qilmoqda. Inshaalloh, yaqin kunlarda yaxshi xabar olamiz. Turkiya ham bu masalada Qatar bilan yaqin muvofiqlashuv asosida ish olib bormoqda. Qatarning xavfsizligi va tinchligi, shuningdek, mintaqaning xavfsizligi hamda barqarorligi Turkiyaning ham manfaatlariga mos keladi. Shu bois Fors ko‘rfazi mamlakatlari va boshqa islom davlatlari bilan ko‘plab masalalarda bo‘lgani kabi, ushbu masalada ham birgalikda ishlashni davom ettiramiz”.




















