Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Ukrainaga boradi.
Turkiya Tashqi Ishlar vazirligi manbalariga ko‘ra ushbu tashrif doirasida Hakan Fidanni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning qabul qilishi, shuningdek, Ukraina Tashqi Ishlar vaziri Andrey Sibi hamda boshqa oliy darajali rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Unda Turkiya bilan Ukraina o‘rtasidagi iqtisodiyot, energetika, mudofaa va boshqa barcha sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish uchun amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma qadamlar yuzasidan fikr almashilishi kutilmoqda.
Hakan Fidan Turkiya Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab - quvvatlashini yana bir bor tasdiqlashi, Ukrainaga turli soha va xalqaro maydonlarda ko‘rsatilayotgan yordamga to‘xtalishi hamda Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan diplomatik sa’y - harakatlarni davom ettirish muhimligini ta’kidlashi kutilmoqda. Shuningdek, u Turkiya Ukraina va Rossiyani muzokaralar stoliga yana bir bor qaytarishga tayyor ekanini bildirishni rejalashtirmoqda.
Hakan Fidan to‘rt yildan beri davom etayotgan Rossiya – Ukraina urushi Qora dengizga yoyilmasligi zarurligini ta’kidlab, mintaqadagi keskinlikni kamaytirish hamda kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash muhimligini alohida qayd etishi kutilmoqda.
Shu doirada Fidan Qora dengizdagi portlar, kemalar va, ayniqsa, baliqchi qayiqlari kabi dengiz transport vositalarining nishonga olinishi hech qanday sharoitda qabul qilinmasligini ta’kidlashi, Turkiya esa Qora dengizni tinchlik, barqarorlik va hamkorlik hududi sifatida saqlab qolish maqsadida diplomatik tashabbuslarini qat’iyat bilan davom ettirayotganini bildirishni rejalashtirmoqda.
Fidanning Turkiya kompaniyalari Ukrainadagi mavjud investitsiyalari va amalga oshirayotgan loyihalari orqali mamlakatni qayta tiklash jarayoniga muhim hissa qo‘sha olishini qayd etishi, Turkiyaning Qrimning noqonuniy anneksiya qilinishiga nisbatan o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlashi hamda qrim tatarlarining huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish muhimligini ta’kidlashi kutilmoqda.
Erkin savdo bitimi
Turkiya bilan Ukraina o‘rtasida 2022 - yilning 3 - fevrali kuni imzolangan Erkin savdo bitimi Hakan Fidanning Kiyevga bo‘lgan tashrifidan bir kun avval Ukraina parlamenti tomonidan ma’qullandi.
Mazkur qonun Prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolangach kuchga kirishi kutilmoqda.
To‘rt yil davomida tasdiqlanishi kutilgan ushbu bitim Turkiya eksportchilariga Ukraina bozorida Yevropa ittifoqi eksportchilari bilan teng raqobat sharoitida faoliyat yuritish imkonini yaratishi, shuningdek, Turkiya – Ukraina iqtisodiy va savdo aloqalarining yanada rivojlanib, o‘zaro savdo hajmini 10 milliard AQSh dollariga yetkazish maqsadiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Turkiya bilan Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2024 - yili 6,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025 - yili bu ko‘rsatkich 6,6 milliard AQSh dollariga yetdi.
Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Ukrainaga oxirgi marta 2025 - yilning 29 – 30-mayi kunlari tashrif buyurgan edi.
Ukraina Tashqi Ishlar vazirining Turkiyaga so‘nggi tashrifi esa 7–8-iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO Davlat va hukumat rahbarlarining 36 - sammiti doirasida amalga oshirildi.

















