Buyuk Britaniya TikTok platformasiga nisbatan rasmiy tergov boshladi.
Britaniyaning kommunikatsiyalarni tartibga soluvchi organi – "Ofcom" ijtimoiy tarmoq bolalarni zararli kontentdan himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qanchalik bajarayotganini tekshirmoqda.
Tashkilot bayonotiga ko‘ra, tergov doirasida, xususan, TikTok’ning foydalanuvchi yoshini aniqlash tizimi sinchkovlik bilan o‘rganiladi. "Ofcom" strategiya direktori Keyt Devisning BBC’ga bergan intervyusida aytilishicha, platforma foydalanayotgan "yoshni taxmin qilish" texnologiyasi yetarlicha samarali emas va bu borada jiddiy shubhalar mavjud.
TikTok kompaniyasi esa o‘zini himoya qilib, platforma qoidalari va ilg‘or texnologiyalar yordamida yoshlar xavfsizligini to‘liq ta’minlayotganiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyaning "Onlayn xavfsizlik to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlik, kamsitish va boshqa zararli materiallardan himoya qilishi shart. Ushbu qoidalarni buzgan kompaniyalar katta miqdorda jarimaga tortilishi, hatto yillik daromadining 10 foizigacha bo‘lgan qismini to‘lashi mumkin.
Bundan tashqari, "Ofcom" o‘z hisobotida internet qidiruv tizimlarida yosh chegarasi bo‘lmagan pornografik saytlarga kirish hali ham osonligidan ogohlantirdi.


















