Payshanba kuni yarim tunda Kiyev shahri bir qator portlashlar bilan larzaga keldi. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining xabar berishicha, poytaxtning Svyatoshinskiy va Darnitskiy tumanlariga berilgan zarbalar oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, kamida besh kishi, jumladan, bir nafar bola jarohatlangan.
Urush beshinchi yilga kirgan bir paytda, mazkur hujum Rossiyaning Ukraina shaharlarini deyarli kunlik bombardimon qilish strategiyasining so‘nggi epizodi bo‘ldi. AFP muxbirlarining guvohlik berishicha, Ukraina havo kuchlari ballistik raketalar yaqinlashayotgani haqida ogohlantirgach, poytaxt osmonida bir necha yorqin chaqnashlar va yarim o‘ndan ortiq portlashlar kuzatilgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko hujum natijasida omborxona shikastlangani va raketa bo‘laklari noturarjoy binolariga tushganini tasdiqladi. Shuningdek, mamlakat shimoli-sharqidagi Xarkov shahri ham jangovar dronlar nishoniga aylangani ma’lum qilindi.
Qayd etish joizki, ushbu hujum Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Leyen mudofaa aloqalarini mustahkamlash maqsadida Kiyevga tashrif buyurganidan atigi bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida Kiyevdagi o‘rta va uzoq masofali dronlarni ishlab chiqarish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi harbiy-sanoat ob’ektlari nishonga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, Odesa va Pivdenniy portlaridagi harbiy yuk hamda yonilg‘i ta’minoti infratuzilmalari ham zarba ostida qolgani ta’kidlandi. Rossiya tomoni, bundan tashqari, Qora dengizda Ukraina qurolli kuchlariga tegishli bir kema va bir tezkor qayiq ham yo‘q qilinganini qo‘shimcha qildi.
So‘nggi oylarda tomonlar iqtisodiy jihatdan muhim ob’ektlarga hujumlarni kuchaytirishgan: Ukraina Rossiyaning neft ob’ektlarini nishonga olayotgan bo‘lsa, Moskva Qora dengiz portlariga qarshi zarbalarini jadallashtirgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya muntazam ravishda qo‘llayotgan ballistik raketalar yuqori tezlikka ega bo‘lib, ularni tutib olish nihoyatda qiyin. Hozirda Ukraina havo mudofaa tizimlari, xususan, AQShning "Patriot" majmualari uchun zarur bo‘lgan PAC-3 raketalari yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Ukraina uchun mazkur raketalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat berishini ma’lum qilgan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa ishlab chiqarish jarayoni joriy yil oxirigacha boshlanishi mumkinligini va bu mamlakat himoyasini kuchaytirishini qayd etdi.





















