Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Donbass mintaqasida Kiyev nazoratida qolgan yirik shaharlarga olib boruvchi yo‘ldagi muhim tayanch nuqta bo‘lgan Ukrainaning sharqidagi Kostyantinivka shahrini egallaganini ma’lum qildi.
Juma kuni kechqurun jurnalistlarga bergan bayonotida Peskov: “Kostyantinivka to‘liq egallandi. Hozir shahar butunlay bizning nazoratimiz ostida”, dedi va Prezident Vladimir Putinning bu masala yuzasidan harbiy rahbariyat bilan uchrashganini bildirdi.
Rossiya Bosh shtabi qarorgohidan harbiy kiyimda televideniye orqali murojaat qilgan Prezident Vladimir Putin rus harbiylariga minnatdorlik bildirib, Kostyantinivkaning qo‘lga olinishi “katta strategik ahamiyatga ega” ekanini ta’kidladi.
Putin: “Rossiya Qurolli kuchlari front chizig‘ida strategik tashabbusni qat’iy ravishda o‘z qo‘lida ushlab turibdi”, dedi.
Rossiyalik qo‘mondon Anton Grunis esa armiya “binolar, yerto‘lalar va vayronalar orasida yashirinayotgan Ukraina Qurolli kuchlarining alohida askarlarini qidirish va yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotlar”ni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Lugansk viloyati to‘liq Rossiya nazoratida
Kostyantinivka Kreml Donbassdagi yakuniy maqsadi deb hisoblayotgan Kramatorsk va Slovyansk shaharlariga olib boruvchi yo‘ldagi Ukrainaning so‘nggi muhim mudofaa istehkomlaridan biri sanaladi.
Peskovning aytishicha, Prezident Putin Rossiya armiyasining qo‘mondonlik markaziga tashrif buyurib, Bosh shtab hisobotini tinglagan va harbiy xizmatchilarga minnatdorlik bildirgan.
Shuningdek, Peskov Rossiya kuchlari endilikda Donbassni tashkil etuvchi ikki hududdan biri bo‘lgan Ukrainaning sharqidagi Lugansk viloyatining to‘liq nazoratini qo‘lga kiritganini ham ma’lum qildi.
















