AQSh armiyasi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlari Ho’rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan konteyner kemasiga qarshi hujum uyushtirishi ortidan Eronni nishonga olgan bir qator zarbalar berganini ma’lum qildi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X platformasidagi bayonotida mavzu haqida shunday dedi: "Harbiy bo’lmagan ekipaji a’zolaridan biri bedarak yo‘qolgan. Kema ichida yuzaga kelgan yong‘in va mashina bo‘limining jiddiy shikastlanishi sababli u safarini davom ettira olmayapti".
CENTCOM Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini kemaga "ochiqdan - ochiq" hujum qilganlikda ayblashi ortidan Eronga qarshi uchinchi hujum to‘lqinini boshlaganini e’lon qildi.
Hujumlar Prezident Donald Trampning topshirig‘i bilan amalga oshirildi.
CENTCOM 16 - iyunda imzolangan tinchlik bitimiga ishora qilib, quyidagilarni ta’kidladi:
"Eron tijorat kemalariga qarshi uyushtirilgan avvalgi hujumlar ustidan javobgarchilikka tortilganidan so‘ng, Memorandumga amal qilayotganini yana bir bor namoyish etish imkoniyatiga ega edi. Ammo u bu safar ham buni uddalay olmadi. Bunga javoban Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronning bo‘g‘oz orqali erkin harakatlanayotgan fuqarolik dengizchilari va tijorat kemalariga qarshi hujum qilish imkoniyatlarini zaiflashtirishni davom ettirmoqda hamda buning uchun unga og‘ir badal to‘latmoqda".
Port shaharlarida portlashlar yuz berdi
Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB mamlakat janubida yana bir qancha portlashlar sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Xususan, Bandar Abbos va Sirik port shaharlarida uchtadan portlash tasdiqlandi.
Chobahor port shahrida ikkita, Bushehr viloyatidagi Bandar-e Dayr shahrida esa beshta portlash ovozi eshitildi.
Shuningdek, Bushahr viloyatining Asaluya shahrida ham to‘rtta portlash qayd etilgani bildirildi.
Dengizchilik bo‘yicha ogohlantirishlar
Avvalroq Buyuk Britaniyaning Dengiz Tijorati amaliyotlari, Ummon qirg‘oqlaridan taxminan 9 dengiz mili (16 kilometr) uzoqlikda yuz bergan hodisa haqida xabar olganini ma’lum qilgan edi.
Tashkilot bayonotida shunday deyiladi:
"Harbiy idoralar konteyner kemasining orqa qismiga ziyon yetgani, buning oqibatida esa kemada yong‘in yuzaga kelganini ma’lum qildi. Barcha kemalarga ehtiyotkorlik bilan harakatlanish tavsiya etiladi".
Mazkur ogohlantirish AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eronni Ho’rmuz bo‘g‘ozidagi kemaga hujum qilganlikda ayblab, Eronga qarshi uchinchi hujum to‘lqini boshlanganini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay qayd etildi.



















