Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning qat’iy yetakchiligi hamda turk xalqining uning atrofida jamu - jam bo‘lishi FETOning davlatni to‘ntarish tashabbusini bartaraf etishda hal qiluvchi omil bo‘lgani va Turkiyani katta falokatdan saqlab qolganini ta’kidladi.
Ilhom Aliyev «15 - iyul Demokratiya va milliy birlik kuni» munosabati bilan Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anga tabrik maktubi yo‘lladi.
Aliyev maktubida FETOning davlat to‘ntarishiga urinishiga qarshi Vatanini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan barcha shahidlarni chuqur hurmat bilan yod etishini, ularning oila a’zolari hamda qardosh turk xalqiga hamdardlik bildirganini qayd etdi.
Aliyevning ta’kidlashicha 15 - iyul Turkiyaning yaqin tarixidagi eng fojiali, shu bilan birga eng sharafli sahifalardan biridir. Davlat tuzumi, konstitutsiyaviy tartib, milliy iroda va demokratik asoslarni nishonga olgan xoin davlat to‘ntarishiga urinish turk xalqining bukilmas irodasi, jasorati va Vatanga sadoqati tufayli qat’iy ravishda bartaraf etilgan.
Ilhom Aliyev minglab fuqarolarning maydonlarga chiqib, o‘z davlati, bayrog‘i va milliy qadriyatlarini himoya qilgani turk xalqi xotirasida muhrlanib qolgan chinakam qahramonlik dostoni ekanini alohida ta’kidlab, mavzu haqida shunday dedi:
«Sizning qat’iy va uzoqni ko‘ra oladigan yetakchiligingiz, xalqingizning atrofingizda mustahkam birlashgani, chaqiriqlaringizga zudlik bilan va ikkilanmasdan javob bergani o‘sha taqdir kechasida mamlakatingizni ulkan falokatlardan saqlab qolgan eng muhim omillardan biri bo‘ldi. Sizning rahbarligingiz ostida bu sinov Turkiya kuchiga - kuch qo‘shdi hamda o‘z milliy irodasi va davlat an’analarini butun dunyoga yana bir bor namoyish etdi».
Aliyevning qayd etishicha, 15 - iyul voqealari xalq va davlat birligi qarshisida hech qanday xoin reja va buzg‘unchi kuch muvaffaqiyat qozona olmasligini yaqqol namoyon etdi. U har yili nishonlanadigan Demokratiya va milliy birlik kuni turk xalqining milliy birdamligi, kurash ruhi, davlat an’analari va ozodlik irodasining timsoli ekanini bildirdi.
Aliyev, shuningdek, Ozarbayjon «Bir millat, ikki davlat» tamoyili asosida har doimgidek davlat to‘ntarishiga urinish paytida ham qardosh Turkiya bilan bir yoqadan bosh, bir yengdan qo‘l chiqarganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi birodarlik rishtalari naqadar mustahkam va buzilmas ekanini yana bir bor isbotladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik kelajak avlodlarga meros bo‘lib qoladigan bebaho boylik ekanini qayd etgan Aliyev strategik ittifoqchilik munosabatlari umumiy sa’y - harakatlar bilan yanada rivojlanib, yangi mazmun kasb etib mustahkamlanishda davom etishiga ishonch bildirdi.
Maktubi yakunida Ilhom Aliyev Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, qardosh Turkiyaga esa tinchlik, farovonlik va osoyishtalik tiladi.





















