Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh Prezidenti Donald Trampning Tehron hukumatiga nisbatan qo‘llagan iqtisodiy sanksiyalarini olqishlab, Eron bilan diplomatik kelishuvga erishish mumkin emasligini ta’kidladi.
Bosh vazirlik idorasi bayonotiga ko‘ra Netanyaxu kecha kechqurun bo‘lib o‘tgan tadbirda Eron bilan bog‘liq mavjud vaziyat haqida fikr bildirdi.
Netanyaxu 28 - iyul kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashganiga ishora qilib, shunday dedi: «Biz uchta ehtimol haqida gaplashdik. Birinchi ehtimol, albatta, (AQSh va Eron o‘rtasida) kelishuvga erishishdir. Yaxshi kelishuv bo‘lsa, bunga e’tirozimiz yo‘q ammo u yerdagi o‘sha guruh, o‘sha “vahshiylar” bilan kelishuvga erishish mumkinligiga shubham bor. Men senga (Trampga) ular bilan kelishuv tuzishning imkoni yo‘qligini aytyapman».
Ikkinchi ehtimol harbiy choralar ko‘rish ekanini ta’kidlagan Netanyaxu: «Biz o‘zimizni himoya qilamiz, Eronning bizga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Agar ular bizga hujum qilsa, tasavvur ham qila olmaydigan darajada kuchli zarbaga duch keladi» — dedi.
Netanyaxu uchinchi ehtimol Eronni «yanada qattiqroq qamal qilish» ekanini ifoda etib, Trampning Tehron hukumatiga qarshi iqtisodiy sanksiyalarini yuqori baholadi.
Shuningdek, Netanyaxu bosib olingan G‘arbiy Sohilda noqonuniy 104 ta aholi punkti va 160 ta qishloq xo‘jaligi markazi tashkil etilganini maqtov bilan tilga olib: «Buning bir qismi avvalgi Amerika hukumati davrida, bir qismi esa hozirgi Amerika hukumati davrida amalga oshirildi» — dedi.


















