AQSH Davlat departamenti yanvar oyida Braziliya, Kolumbiya, Misr, Gaiti, Somali va Rossiya ham kirgan qariyb 40 ta mamlakat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni to‘xtatgan edi. Ma’muriyat bu qarorni davlat yordamiga muhtoj bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurati bilan izohlagan edi.
Qonunlarga ko‘ra, muhojirning davlat uchun moddiy yuk bo‘lishi mumkinligi sababli viza arizasini rad etish uchun konsullik xodimi uning moliyaviy ahvoli, yoshi, sog‘lig‘i, kasbiy qobiliyatlari va oilaviy sharoitini alohida baholashi kerak.
Sudya Vargas esa konsullik xodimlariga hatto o‘zini mustaqil ta’minlay oladigan shaxslarning vizalarini ham faqat qaysi mamlakatdan kelganiga qarab rad etish bo‘yicha ko‘rsatma berilganini aniqladi.
Sud qarorida ushbu tartib 1965-yilda qabul qilingan milliy mansublik asosida kamsitishni taqiqlovchi qonunga hamda davlat kotibining konsullik xodimlari qabul qiladigan individual qarorlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymaydigan huquqiy me’yorlarga zid ekani ta’kidlandi.
Mazkur viza taqiqi oila birlashuvi yoki ish taklifi asosida doimiy yashash huquqini olish uchun ariza bergan shaxslarga taalluqli edi. Sayyohlik va talabalik kabi immigratsion bo‘lmagan viza turlari esa taqiq doirasiga kirmagan.
Boshqa qonuniy sabablarga ko‘ra rad etilgan vizalar haqidagi qarorlar o‘z kuchida qolishi sababli sud qarori aynan qancha kishiga ta’sir qilishi hozircha aniq emas.
Sobiq prezident Jo Bayden davrida lavozimga tayinlangan sudya Vargas tomonlarga da’voning qolgan qismi bo‘yicha yechim takliflarini taqdim etish uchun 11-sentabrgacha muddat berdi.
Prezident Donald Tramp ma’muriyati ushbu sud qarori ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega.


















