Milliy texnologiya harakati yana dengizlarga yuzlandi.
TRT axborot hamkori sifatida qatnashadigan to‘rt kunlik tadbirda Turkiya Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli turli toifadagi kemalar va boshqa vositalardan tortib uchuvchisiz tizimlargacha, havo vositalaridan havo hujumidan mudofaa va raketa majmualarigacha bo‘lgan ko‘plab mahsulot hamda texnologiyalar namoyish etiladi.
Festivalning texnologik musobaqalar bo‘limida uchuvchisiz suvosti tizimlari, uchuvchisiz dengiz vositalari va suvosti raketalari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
37 turdagi harbiy vosita va inshoot namoyish etiladi
“TEKNOFEST Moviy Vatan” festivalida 37 turdagi harbiy vosita va inshoot namoyish qilinadi. Ular orasida TCG Barbaros, TCG Salihreis, TJG Turgutreis, TJG Kemalreis, TJG Derya, TJG Tufan, TJG Akchay, TJG Alemdar, TJG Istanbul, TJG Oruchreis, TJG Burgazada, TJG İmbat, TJG Amasra, TJG Sanjaktar va TJG Kalkan kemalari mavjud.
Turli suvosti kemalaridan tashqari, Turkiya Respublikasi tarixining ramzlaridan hisoblangan “Yavuz” muzey kemasi va TJG Savarona kemasi ham festival maydonidan joy oladi.
Maydonda insonlar boshqaradigan vositalar bilan bir qatorda ULAQ, SANCAR, MARLIN va SALVO kabi uchuvchisiz dengiz vositalari ham tashrifchilarga namoyish etiladi.
Turkiyaning eng yirik harbiy kemasi TJG Anadolu ham festivalda qatnashadigan kemalardan biri bo‘ladi. Shu tariqa tashrifchilar bir maydonning o‘zida turli toifa va vazifalarga mo‘ljallangan suvusti kemalari, suvosti kemalari hamda uchuvchisiz dengiz tizimlarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
Milliy suvosti kemasi loyihasi — MILDENning sinov bo‘lagi ham tashrifchilarga namoyish etiladi. Turkiyaning o‘z milliy suvosti kemasini yaratish faoliyatidagi muhim bosqichlardan biri hisoblangan ushbu sinov bo‘lagi festivalning asosiy ko‘rgazma ashyolaridan biri bo‘ladi.
Havo vositalari va mudofaa tizimlari ham namoyish etiladi
Festivalda namoyish qilinadigan mahsulotlar faqat dengiz vositalari bilan cheklanmaydi.
Havo vositalari bo‘limida Bayraktar TB2 va Bayraktar TB3 uchuvchisiz uchish apparatlaridan tashqari, SH-70 Seahawk vertolyoti va AH-1W jangovar vertolyoti ham namoyish etiladi. Bayraktar TB3 uchuvchisiz uchish apparati ASELBUOY va ASELBUOY POD qurilmalari bilan birgalikda taqdim qilinadi.
Ko‘rgazma maydonida mudofaa sanoatiga oid turli mahsulot va tizimlar ham tashrifchilarga tanishtiriladi.
Ushbu bo‘limda Pirana, BARKAN 2, LEVENT, TUFAN, BAHA va BULUT tizimlari, shuningdek, suvosti kemalarini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan modulli zirhli qayiq namoyish etiladi.
“Po‘lat gumbaz” loyihasi doirasidagi SİPER, HİSAR, GÜRZ, KORKUT va GÖKSUR mudofaa vositalari hamda tizimlari ham festival maydonidan joy oladi.
Bundan tashqari, K+, SİPER, TAYFUN, KMC va PUSU tizimlari hamda MİLDEN suvosti kemasining dastlabki bo‘lagi ham namoyish qilinadigan ko‘rgazma ashyolari qatoriga kiritilgan.
Shu tariqa “TEKNOFEST Moviy Vatan” festivalida dengiz texnologiyalari bilan birga havo hujumidan mudofaa vositalari, raketa tizimlari, uchuvchisiz quruqlik va havo vositalari hamda yangi avlod suvosti texnologiyalari tashrifchilarga taqdim etiladi.
Mudofaa sanoati korxonalari va davlat idoralari bir maydonda
Mudofaa, dengizchilik va texnologiya sohalarida faoliyat yurituvchi turli tashkilot hamda korxonalar festival maydonidagi ko‘rgazma bo‘lmalarida o‘z mahsulotlari va imkoniyatlarini namoyish etadi.
ASELSAN, BAYKAR, HAVELSAN, STM, ROKETSAN, TUSAŞ, TEI, MKE, ASFAT, ASPİLSAN, FNSS va T3 jamg‘armasi kabi tashkilotlardan tashqari, Turkiyaning kemasozlik sanoatida faoliyat olib boruvchi qator korxonalar ham o‘z mahsulotlarini tashrifchilarga tanishtiradi.
Turkiya Milliy mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sanoat va texnologiyalar vazirligi, Transport va infratuzilma vazirligi, Turkiya Ilmiy va texnologik tadqiqotlar kengashi — TÜBİTAK, Anadolu axborot agentligi hamda TRT o‘z ko‘rgazma bo‘lmalarida turli tadbirlar tashkil etadi.
Ilmiy markazlar, amaliy mashg‘ulot xonalari va tajriba maydonlari texnologiyaga qiziquvchilarga maroqli lahzalar taqdim etadi.
Musobaqalar uchun alohida yo‘laklar tashkil etildi
Festival maydonida texnologik musobaqalar uchun alohida sinov va namoyish hududlari tashkil etiladi.
Jumladan, uchuvchisiz suvosti tizimlarining harakatdagi namoyish maydoni, suvosti raketalari musobaqasi yo‘lagi, uchuvchisiz dengiz vositalari musobaqasi yo‘lagi hamda uchuvchisiz suvosti tizimlari va uchuvchisiz dengiz vositalarini sinovdan o‘tkazish maydonlari tashkil qilinadi.
Uchuvchisiz suvosti tizimlari musobaqasi uchun ham alohida musobaqa yo‘lagi ajratiladi. Ushbu tizimlarning harakatdagi namoyishlari festival davomida turli vaqtlarda tashrifchilarga taqdim etiladi.
Maxsus suvosti bo‘linmalari namoyish o‘tkazadi
Festivalning namoyish dasturida Turkiya Harbiy-dengiz kuchlarining maxsus bo‘linmalari ham qatnashadi.
To‘rt kun davomida suvosti hujum va suvosti mudofaa guruhlarining maxsus namoyishlari o‘tkaziladi.
Dastur doirasida Harbiy-dengiz aviatsiyasi qo‘mondonligi hamda uchuvchisiz uchish apparatlarining parvoz namoyishlari har kuni bo‘lib o‘tadi.
Festivalning dam olish kunlariga mo‘ljallangan dasturida dengizdagi tadbirlar yanada ko‘payadi. 22 va 23-avgust kunlari “Moviy Vatan” yelkanli kemalar safining o‘tishi rejalashtirilgan.
Dastur doirasida harbiy orkestr va an’anaviy harbiy musiqa jamoasining chiqishlari, ilmiy namoyishlar, “Sahna seniki” iste’dodlar tadbiri hamda “NSosyal Nod” bilimlar tanlovi o‘tkaziladi.
21-avgust kuni esa “Da Vinji” robotlashtirilgan jarrohlik amaliyoti namoyish qilinadi.
Dengiz sporti musobaqalari va madaniy tadbirlar o‘tkaziladi
“Moviy Vatan” festivali doirasida dengizchilik madaniyatiga oid turli sport musobaqalari ham tashkil etiladi.
Festival dasturidan “Moviy Vatan” arqon tortish musobaqasi, ingichka arqonni uloqtirish musobaqasi va suzish bellashuvlari joy olgan.
Dastlabki ikki kun davomida qisqa masofaga tezkor suzish musobaqasi o‘tkaziladi. Dam olish kunlari esa “Moviy Vatan” suzish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
22 va 23-avgust kunlari “Moviy Vatan” ajdarho qayig‘ida eshkak eshish musobaqasi tashkil etiladi.
Arqon tortish va ingichka arqonni uloqtirish musobaqalarining final bosqichlari festivalning so‘nggi kuni — 23-avgustda o‘tkaziladi.
Festivalning madaniy dasturi doirasida 22-avgust kuni an’anaviy harbiy musiqa jamoasining chiqishi, “NSosyal Nod” bilimlar tanlovi va “Sahna seniki” tadbiridan so‘ng taniqli xonanda Sefo konsert beradi.
Bayraktar Kalkan DİHA qurolli kuchlar safiga qabul qilinadi
“TEKNOFEST Moviy Vatan” festivali yakunida “Yavuz” muzey kemasining ochilish marosimi hamda Bayraktar Kalkan DİHA uchuvchisiz havo vositasini qurolli kuchlar safiga qabul qilish marosimi o‘tkaziladi.
Festival texnologik musobaqalari va boshqa yo‘nalishlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.





















