Turkiya Respublikasi Energetika va tabiiy resurslar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra iyul oyi oxiriga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvati 79 ming 433 megavattga yetdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatdagi jami o‘rnatilgan quvvatning 62,8 foizini tashkil etdi.
Jami o‘rnatilgan quvvat tarkibida mahalliy energiya manbalarining ulushi esa 71,9 foizni tashkil qildi.
Turkiyaning elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rnatilgan quvvati 126 ming 476 megavattga yetdi.
Quyosh va shamol energiyasining ulushi 33,8 foizga yetdi
Bu davrda quyosh energiyasining o‘rnatilgan quvvati 27 ming 507 megavattga yetib, jami elektr energiyasi quvvatidagi ulushi 21,7 foizni tashkil etdi. O‘rnatilgan quvvati 15 ming 358 megavattga yetgan shamol energiyasining ulushi esa 12,1 foiz bo‘ldi. Shu tariqa, quyosh va shamol energiyasining jami o‘rnatilgan quvvati 42 ming 865 megavattga yetdi. Ushbu ikki manbaning jami o‘rnatilgan quvvatdagi ulushi 33,8 foizni tashkil etdi.
Elektr energiyasining o‘rnatilgan quvvati tarkibida eng katta ulush 25,6 foiz bilan gidroelektr stansiyalariga (GES) to‘g‘ri keldi. GESlarning o‘rnatilgan quvvati bu davrda 32 ming 344 megavattga yetdi. Tabiiy gaz asosidagi o‘rnatilgan quvvat 25 ming 13 megavattni tashkil etib, jami quvvatning 19,9 foiziga teng bo‘ldi. Mahalliy ko‘mir asosidagi o‘rnatilgan quvvat 11 ming 565 megavatt va uning ulushi 9,1 foizni, import qilinadigan ko‘mir asosidagi quvvat esa 10 ming 466 megavatt va uning ulushi 8,3 foizni tashkil etdi.
Biomassaning ulushi 2 ming 425 megavatt o‘rnatilgan quvvat bilan 1,9 foizni, geotermal energiya manbalarining ulushi esa 1 ming 798 megavatt o‘rnatilgan quvvat bilan 1,4 foizni tashkil qildi.
«Energetik salohiyatimizni oshirishda davom etmoqdamiz».
Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar ijtimoiy tarmoq orqali bergan bayonotida quyidagilarni qayd etdi:
«Turkiya asrining energetikasini barchamiz birgalikda barpo etmoqdamiz. Elektr energiyasining o‘rnatilgan quvvati iyul oyi holatiga ko‘ra 126 ming 476 megavattga yetdi. Ushbu quvvatning 62,8 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan tashkil topgan. Quyosh va shamol energiyasida erishilgan 42 ming 865 megavattlik o‘rnatilgan quvvat Turkiyaning energetik transformatsiyaga bo‘lgan qat’iy irodasini namoyon etmoqda. Yanada kuchli, mustaqil va farovon Turkiya uchun energetik salohiyatimizni oshirishda davom etamiz. Maqsadimiz aniq: energetikada to‘liq mustaqil Turkiya».





















