IQTISODIYOT
3 daqiqa o'qish
Turkiyaning YI tarkibidagi mamlakatlarga bo‘lgan eksportida o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Yevropa ittifoqi (YI) tarkibidagi mamlakatlarga bo‘lgan eksporti, yanvar - avgust oylari oralig‘ida o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 3,6 foizga oshib, 71 milliard 788,5 million dollarga yetdi.
Turkiyaning YI tarkibidagi mamlakatlarga bo‘lgan eksportida o‘sish qayd etildi
_

Turkiya Eksportchilar assambleyasi (TEA) ma’lumotlaridan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra Turkiyaning eksporti joriy yilning yanvar - avgust oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga oshib, 177,9 milliard dollardan 185 milliard dollarga yetdi.

Mazkur davrda Yevropa ittifoqi (YI) mamlakatlariga eksport 3,6 foizga oshib, 69 milliard 320,8 million dollardan 71 milliard 788,5 million dollarga ko‘tarildi. Shu tariqa, Turkiyaning YI mamlakatlariga eksporti mazkur davrda qariyb 2 milliard 468 million dollarga oshdi.

Yanvar - avgust oylarida YI mamlakatlari orasida eng ko‘p eksport 13 milliard 576 million 381 ming dollar bilan Germaniyaga amalga oshirildi. Germaniyaga eksport o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,8 foizga oshdi.

Germaniyadan keyingi o‘rinlarda 8 milliard 561 million 640 ming dollar bilan Italiya, 7 milliard 238 million 906 ming dollar bilan Ispaniya, 6 milliard 925 million 832 ming dollar bilan Fransiya va 4 milliard 891 million 962 ming dollar bilan Ruminiya qayd etildi.

Eksportning eng yuqori o‘sishi Maltada qayd etildi

Mazkur davrda Italiyaga eksport 4,3 foizga, Ispaniyaga 7,4 foizga va Fransiyaga 5,2 foizga oshgan bo‘lsa, Ruminiyaga eksport 5,5 foizga kamaydi.

YI tarkibidagi mamlakatlar orasida eksport nisbatan eng ko‘p oshgan davlat Malta bo‘ldi. Bu mamlakatga eksport o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 107 foizga oshib, 324 million 491 ming dollardan 671 million 566 ming dollarga yetdi.

Maltadan keyingi o‘rinlarda 32,8 foizlik o‘sish bilan Slovakiya, 25,3 foiz bilan Finlyandiya, 17 foiz bilan Bolgariya va 14,4 foiz bilan Avstriya joy oldi.

Yanvar - avgust oylarida Slovakiyaga eksport 1 milliard 458 million dollarga, Finlandiyaga 408,7 million dollarga, Bolgariyaga 3 milliard 439 million dollarga va Avstriyaga 1 milliard 414 million dollarga yetdi.

YI mamlakatlarining 17 tasiga eksport oshdi, 10 tasiga esa kamaydi

Qiymat jihatidan Germaniya, Italiya, Ispaniya va Fransiya Turkiyaning Yevropa ittifoqidagi eng yirik eksport bozorlari bo‘lib qolmoqda. Ushbu 4 davlatga amalga oshirilgan jami eksport yanvar - avgust oylarida qariyb 36,3 milliard dollarga yetdi.

Mazkur davrda YI mamlakatlarining 17 tasiga eksport oshgan bo‘lsa, 10 tasida pasayish kuzatildi.

Ushbu davrda YI mamlakatlariga eksportda sohalar orasida avtomobil sanoati yetakchilik qildi. Mazkur sohaning YI mamlakatlariga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 foizga oshib, 19 milliard 188,6 million dollardan 20 milliard 60,7 million dollarga yetdi.

Avtomobil sanoatidan keyingi o‘rinlarda 9 milliard 63 million dollar bilan kimyoviy moddalar va mahsulotlar, 6 milliard 541,7 million dollar bilan tayyor kiyim - kechak va tekstil mahsulotlari qayd etildi.

YI tarkibidagi mamlakatlarga eksportni eng ko‘p oshirgan soha — qora va rangli metallar

Yanvar - avgust oylarida Yevropa ittifoqi mamlakatlariga eksportni qiymat jihatidan eng ko‘p oshirgan soha qora va rangli metallar bo‘ldi.

Mazkur sohaning YI mamlakatlariga eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,6 foizga oshib, 4 milliard 869,6 million dollardan 5 milliard 774,1 million dollarga yetdi. Shu tariqa, soha YIga eksportini qariyb 904,5 million dollarga oshirdi.

Qora va rangli metallardan keyingi o‘rinlarda 872,1 million dollarlik o‘sish bilan avtomobil sanoati va 269,5 million dollarlik o‘sish bilan elektr va elektronika sohasi joy oldi.

YI mamlakatlariga eng ko‘p eksport 25 milliard 440 million dollar bilan Istanbuldan amalga oshirildi

Yanvar - avgust oylarida Turkiyaning YI tarkibidagi 27 ta mamlakatga bo‘lgan eksportida Istanbul, Ko‘jaeli, Bursa, Anqara va Izmir shaharlari ajralib turdi. Ushbu 5 viloyatning YI mamlakatlariga eksporti 53,6 milliard dollarga yaqinlashdi.

Yilning dastlabki 8 oyida YI mamlakatlariga eng ko‘p eksport 25 milliard 440 million dollar bilan Istanbuldan amalga oshirildi.

Istanbuldan keyingi o‘rinlarda 10 milliard 110 million dollar bilan Ko‘jaeli, 8 milliard 305 million dollar bilan Bursa, 4 milliard 911 million dollar bilan Anqara va 4 milliard 791 million dollar bilan Izmir qayd etildi.