Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatida Eronga qarshi ehtimoliy yangi hujumlarni nazarda tutib: “Yakunlashimiz kerak bo‘lgan ish bor”, — dedi.
Netanyaxu X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSh Prezidenti Tramp bilan telefon suhbatining videosini e’lon qildi.
Isroilda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda uni qo‘llab-quvvatlagani uchun Trampga minnatdorlik bildirgan Netanyaxu Eronga qarshi ehtimoliy yangi hujumlarga ishora qilib: “Donald, Eronda yakunlashimiz kerak bo‘lgan ish bor. Buni siz ham aytdingiz va bu ishni birgalikda yakunlaymiz. Buni boshqa hech kim qilmaydi”, — dedi.
Netanyaxu AQSh bilan birgalikdagi harakatlari natijasida yana ko‘proq davlat Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni nazarda tutuvchi Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini da’vo qildi. U: “AQShdagi odamlar shuni bilishi kerakki, sen ular uchun eng katta tahdid bo‘lgan yadro quroliga ega Eronga qarshi turding”, — dedi.
Netanyaxuni saylovlarda qo‘llab-quvvatlash haqidagi bayonot matnini shaxsan o‘zi yozganini bildirgan Tramp esa: “Sen kurashchisan. O‘z mamlakating va ehtimol, ayrim boshqalar ham senga nohaqlik qildi… Ammo sen buyuk kurashchisan va biz buni isbotlaymiz”, — dedi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Isroilda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgan edi.
Eronga qarata: “Agar ular tutgan yo‘lini tezda o‘zgartirmasa, bu ishni yaqin orada yakunlaymiz”, — degan Tramp, Isroil Netanyaxudan boshqa rahbarni saylasa, AQSh bunday niyatda bo‘lmasa ham, bu ishni o‘zi bajarishga majbur bo‘lishini aytgan edi.























