DUNYO
3 daqiqa o'qish
YI Ukrainaga sun’iy yo‘ldosh yordamini beradi, ammo Starlink o‘rnini bosa olmaydi
AQSh prezidenti Tramp Ukraina armiyasi uchun Starlink xizmatini vaqtincha uzib qo‘yish haqida ko‘rsatma bergani haqidagi da’volarni rad etdi.
YI Ukrainaga sun’iy yo‘ldosh yordamini beradi, ammo Starlink o‘rnini bosa olmaydi
Yevropa Ittifoqi yetakchilari Zelenskiy atrofida birlashdilar, biroq Yevropa darhol ko‘rsata oladigan yordamning cheklovlari borligini tan oldilar. / َAA

Yevropa Ittifoqi (YI) Ukrainaning AQShga tegishli sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlariga qaramligini kamaytirishga yordam berishga va’da berar ekan, qisqa muddatda Starlink o‘rnini bosa olmasligini tan oldi.

Juma kuni Bryusseldagi YI sammitida so‘zlagan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy “nihoyatda noxush va xavfli kutilmagan holat” deb ta’riflagan uzilishlardan so‘ng xizmatlarni tiklash ishlari davom etayotganini aytdi.

Ukraina bu hafta ayrim Starlink internet terminallariga cheklovlar kiritilgani va bu Rossiya kuchlariga qarshi mudofaa salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirdi.

Uzilish Kiyev bilan Vashington o‘rtasidagi keskinlik yana kuchaygan bir paytda yuz berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Ukraina armiyasi uchun Starlink xizmatini vaqtincha uzib qo‘yish haqida ko‘rsatma berganini rad etdi.

YI rahbarlari Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlar ekan, Yevropa qisqa muddatda ko‘rsata oladigan yordam cheklanganini tan oldi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron muzokaralardan so‘ng jurnalistlarga bergan bayonotida: “Ukrainaga o‘zini himoya qilish salohiyatini kuchaytirishda yordam berish uchun juda zarur bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va erta ogohlantirish tizimlari ustida jadal ishlayapmiz”, dedi.

YIning tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas esa Yevropada darhol foydalanishga topshirish mumkin bo‘lgan muqobil tizim yo‘qligidan ogohlantirdi.

“Starlink Ukraina uchun juda zarur va, afsuski, Yevropa qisqa muddatda bu imkoniyatning o‘rnini bosa olmaydi”, dedi Kallas.

Yevropa o‘z sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini rivojlantiradi

YI matbuot kotibi Tomas Renye a’zo davlatlar hozirda GOVSATCOM dasturi orqali sun’iy yo‘ldosh aloqa imkoniyatlaridan birgalikda foydalanayotganini va Ittifoq Ukrainani ham ushbu dasturga to‘liq jalb etishni istayotganini aytdi.

YI o‘z sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini rivojlantirish bilan birga, harbiy ehtiyojlarni qondirishga ko‘maklashish maqsadida kelgusi yil boshida tijoriy xizmatlarni ham GOVSATCOM dasturiga kiritishni rejalashtirmoqda.

Starlink’ga raqobatchi bo‘lishi ko‘zlangan IRIS² sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i uchun uchirishlarni 2029-yilda boshlash, tizimni esa 2030-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ukraina SpaceX kompaniyasining Starshield harbiy sun’iy yo‘ldosh xizmatidan jang maydonidagi aloqa, Rossiya nazoratidagi hududlarga o‘rta masofali zarbalar berish hamda tutib qoluvchi dronlar amaliyotlari uchun foydalanmoqda.

Ukraina kompaniyaning fuqarolik Starlink tizimidan ham foydalanadi, biroq uni hujum amaliyotlarida qo‘llamaydi.

Ukrainaga oid pozitsiyasi 2022-yildan buyon bir necha bor o‘zgargan SpaceX egasi Ilon Mask bu hafta bergan bayonotida har qanday uzilish uchun uning kompaniyasi emas, AQSh hukumati javobgar ekanini aytdi.

Muqobil tizimlarning imkoniyatlari cheklangan

Yevropaning yordami YI dasturlari bilangina cheklanmaydi. Fransiyada joylashgan Eutelsat kompaniyasi OneWeb tarmog‘i orqali Ukrainaga allaqachon sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Biroq kompaniya ushbu xizmatlardan hukumat va harbiy maqsadlarda foydalanilishi haqida juda kam ma’lumot bermoqda.

Shu bilan birga, OneWeb’ning 648 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat tarmog‘i Starlink’ning 10 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldoshni o‘z ichiga olgan tarmog‘idan ancha kichik.

Sun’iy yo‘ldosh texnologiyalariga ixtisoslashgan Via Satellite nashriga ko‘ra, OneWeb imkoniyatlari cheklangani va ixcham sun’iy yo‘ldosh terminallari mavjud emasligi sababli dronlar hamda yerusti robotlari amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlay olmaydi.

Kallas Yevropa mudofaa agentligi qit’ada mavjud bo‘lmagan muhim imkoniyatlarni aniqlaganini aytib, ushbu kamchiliklar “imkon qadar tezroq” bartaraf etilishi kerakligini ta’kidladi.

Latviya bosh vaziri Andris Kulbergs ham Ukrainaning Starlink’ga qaramligiga e’tibor qaratdi.

“Starlink Ukrainaning jang qilishi yoki javob zarbasi bera olishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xuddi shunday imkoniyatga erishishimiz vaqt talab qiladi. Bizda bunday imkoniyatlar bor, ammo ular yetarli emas”, dedi Kulbergs jurnalistlarga.

Niderlandiya bosh vaziri Rob Yetten esa payshanba kuni Makron bilan Starlink masalasini muhokama qilganini va Yevropa davlatlari yaqin kelajakda shunga o‘xshash xizmatlarni qanday qilib ko‘proq taqdim etishi mumkinligini ko‘rib chiqqanini aytdi.

 

Boxabar bo'ling!
Xitoy kosmosga sun’iy intellektga asoslangan sun’iy yo‘ldoshini uchirdi
Pokiston shimoli-g‘arbida maktab tomi qulashi oqibatida o‘nlab kishi halok bo‘ldi yoki jarohatlandi
Ukraina AQShni Rossiya manfaatlariga xizmat qilayotganlikda aybladi
Rossiyaning Ryazan viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodida dron hujumi oqibatida yong‘in chiqdi
BMT sulhga qaramay, Isroilning G‘azodagi qoidabuzarliklari davom etayotganidan ogohlantirdi
Shimoliy Koreya ikkita strategik qanotli raketani sinovdan o‘tkazdi
G‘arbiy Sohilda radikal isroilliklar TRT telekanalining tasvirga olish jarayoniga xalaqit berdi
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 2,86 milliard yevrolik harbiy yordam ajratmoqda
Rossiya Kiyev va Xarkovdagi energetika infratuzilmasiga zarba berdi
Donald Tramp: Eronning adabini berib qo‘yamiz
Moskva nega Trampning energetika sulhi haqidagi bayonotiga sukut saqlamoqda?
Tramp Xitoy va Rossiya Eronga yordam berayotganiga ishonmasligini bildirdi
Nepalda sodir bo'lgan suv toshqini oqibatida 5 kishi bedarak yo‘qoldi
AQSh Saudiya Arabistonidagi aeroportlar bo‘yicha ogohlantirish e’lon qildi
AQShda sudya davlat hisobidan Trampni qo‘llovchi reklamalarni to‘xtatishga qaror qildi
BMT: “Jibuti sohillari yaqinidagi qayiq halokatida 139 kishi halok bo‘ldi, 84 kishi bedarak yo‘qoldi
AQSh harbiylari Ummon ko‘rfazida yuk kemasiga zarba berdi
Rossiyada laboratoriya xodimining o'limiga olib kelgan pnevmoniya sababi noma'lumligicha qolmoqda
Ar-Riyod aeroportiga raketa hujumi: 12 kishi halok bo‘ldi, reyslar to‘xtatildi
Rossiya Odessa portiga harbiy yuk olib ketayotgan quruq yuk kemasini urganini bildirdi