Nepaldagi suv toshqinlari: 100 dan ortiq xorijiy sayyoh boshpanasiz qoldi, 5 kishi bedarak yo‘qolgan
Nepalning tog‘li Gorkha tumanida yuz bergan to‘satdan sel oqimlari va yer ko‘chishlari oqibatida ko‘priklar vayron bo‘ldi. Natijada 100 dan ortiq xorijlik tog‘ sayohatchilari hududda qolib ketdi, kamida 5 kishi bedarak yo‘qoldi.
Online Khabar nashrining mahalliy hokimiyat organlariga tayanib xabar berishicha, Lokpa va Chumling o‘rtasidagi yer ko‘chishi Budhi Gandaki daryosi o‘zanini to‘sib qo‘ygan. Bu esa pastki hududlarda kuchli toshqinlarni keltirib chiqardi. Hozirda ikki ayol va uch nafar qishloq fuqarosi bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.
Qutqaruv operatsiyasi va yetkazilgan zarar
Nepal Milliy ofat xavfini kamaytirish va boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ofat zonasida 4 ta harbiy vertolyot va 437 nafar xavfsizlik xodimi qutqaruv ishlariga jalb etilgan. Hozirgi vaqtgacha kamida 47 kishi xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.
Tabiiy kulfat infratuzilmaga ham jiddiy zarar yetkazdi:
Bir nechta muhim ko‘priklar yuvilib ketgan;
Ko‘plab uylar va inshootlar vayron bo‘lgan;
2 ta telefon aloqa minorasi hamda 50 ta elektr ustuni ishdan chiqqan.
Sayyohlar evakuatsiyani kutmoqda: Oziq-ovqat va elektr muammosi
Jagat qishlog‘ida qolib ketgan bangladeshlik sayyoh Md Shahadat Hossainning ma’lum qilishicha, u va uning hamrohlari vertolyot orqali qutqarilishini kutmoqda.
“Biz kechadan beri Jagatdamiz. Qishloqning yuqori qismidan kelgan sel pastki hududlarni yuvib ketdi. Bu yerda nepaliklar bilan birga 200 dan ortiq sayohatchi xavfsiz joy topgan, ammo elektr energiyasi uzilgan va tashqi dunyo bilan aloqa yo‘q. Eng yomoni, oziq-ovqat zaxiramiz tugab bormoqda”, — deydi u.
Xitoy bilan chegaradosh Manaslu aylana yo‘li Gimalay tog‘laridagi eng mashhur treking yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Oktyabr oyi bu hududda sayyohlik mavsumining eng qizg‘in davri sanaladi.






















