Markaziy Amerika davlati Panamada yuz bergan 7,7 magnitudali kuchli zilzila mamlakatning markaziy hududlarida binolar va yo‘llarning qulashiga sabab bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar haqida xabar berilmadi.
Prezident Xose Raul Mulino juma kuni yuz bergan zilzilani “yirik tabiiy ofat” deb atab, zilzila markazi yaqinidagi yo‘llar vayron bo‘lganini ma’lum qildi. Mulino zilzilada qurbonlar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot bermadi.
Milliy fuqaro muhofazasi tizimiga ko‘ra, yerning sayoz qatlamida yuz bergan zilzila qariyb 4,5 million aholiga ega mamlakatning barcha hududlarida sezildi.
Silkinish qariyb bir daqiqa davom etdi
Zilzila markazidan taxminan 200 kilometr uzoqlikdagi Panama poytaxtida osmono‘par binolardagi odamlarning tashqariga chiqish uchun shoshilishi vahimaga sabab bo‘ldi.
Takroriy silkinishlardan so‘ng o‘zi yashaydigan 15 qavatli binodan ikkinchi marta evakuatsiya qilingan 46 yoshli Salomon Andion AFP axborot agentligiga: “Juda qo‘rqdim, chunki silkinish nihoyatda kuchli bo‘ldi va uzoq davom etdi. Tortmali javon, karavot va oshxonadagi barcha buyumlar kabi og‘ir narsalar tebranayotgan edi”, dedi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda 20 qavatdan baland binoning tomidagi suzish havzasidan suv pastga to‘kilayotgani ko‘rindi.
Boshqa videoda esa Panama kanali ustidagi ko‘prik avtomobillar undan o‘tayotgan paytda kuchli tebrangani, biroq qulamagani aks etdi.
Kokle viloyatining Penonome shahridagi do‘konda kassir bo‘lib ishlaydigan 38 yoshli Xuana Alveo AFPga: “Dahshatli edi, ilgari hech qachon bunday holatni boshdan kechirmaganmiz. Qizim maktabda qolib ketdi”, dedi.
Sunami haqida ogohlantirish berildi
AQSh Geologiya xizmati — USGS zilzila Grinvich vaqti bilan soat 17:56 da, Errera viloyatidagi kichik Pitalosa Arriba shaharchasidan 10 kilometr uzoqlikda yuz berganini ma’lum qildi.
USGS dastlab zilzila magnitudasini 8,0 deb baholadi, keyinchalik esa uni 7,7 ga o‘zgartirdi.
Tinch okeanining sharqiy qismi uchun berilgan sunami ogohlantirishi keyinchalik bekor qilindi.
Panama kanali ma’muriyati Tinch va Atlantika okeanlarini bog‘lovchi kanaldagi kemalar qatnoviga zilzila ta’sir qilmaganini va faoliyat odatdagidek davom etayotganini bildirdi.
Prezident Mulino tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurash ishlarini muvofiqlashtirish uchun Penonome shahriga bordi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Fernando Boyd zilziladan eng ko‘p Errera va Kokle viloyatlari hamda janubi-sharqdagi Los-Santos viloyati zarar ko‘rganini aytdi.
Boyd Los-Santos viloyatidagi Tonosi shaharchasining tashqi dunyo bilan aloqasi butunlay uzilganini ma’lum qildi.
“U yerga havo orqali qanday yetib borish mumkinligini aniqlashga harakat qilyapmiz, chunki quruqlik orqali borishning imkoni yo‘q”, dedi Boyd.
Mintaqaning muhim transport markazlaridan biri bo‘lgan Panama xalqaro aeroporti vaqtincha yopildi.
Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida ayrim reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi.
Kolumbiya, Ekvador va Gvatemala rahbarlari hamjihatlik bildirgan holda yordam taklif qildi.
80 dan ortiq takroriy zilzila qayd etildi
Panamada zilzilalar kamdan-kam yuz beradi va odatda mamlakatning Kosta-Rika bilan chegaradosh g‘arbiy Chiriki viloyatida kuzatiladi.
Sobiq prezident Rikardo Martinelli Veraguas viloyatining Sona shaharchasida qulagan uyining suratlarini Instagram sahifasida ulashdi.
Mahalliy OAVda tarqalgan tasvirlar Penonomedagi bir cherkov va mehmonxona ham jiddiy zarar ko‘rganini ko‘rsatdi.
Mahalliy yer fanlari instituti bittasining magnitudasi 6,0 dan yuqori bo‘lgan 80 dan ortiq takroriy zilzila qayd etilganini ma’lum qildi.
Ta’lim vazirligi mamlakat bo‘ylab maktablarda darslar vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi.
Shuningdek, Lotin Amerikasi va Karib havzasi taraqqiyot banki Panamaga 50 million dollargacha kredit olish imkoniyatini taqdim etdi.
Bank X platformasidagi bayonotida mamlakatga 250 ming dollar xayriya qilganini ham bildirdi.
Panamadagi zilzila Lotin Amerikasida joriy yilda yuz bergan magnitudasi 7,0 dan yuqori bo‘lgan kamida to‘rtinchi zilzila bo‘ldi.
Iyun oyida Venesuelaning Guayra hududida ketma-ket vayronkor zilzilalar yuz bergan, avgust oyida esa Kolumbiyaning g‘arbiy qismi kuchli zilziladan larzaga kelgan edi.





















