Shvetsiya akademiyasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2026-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi e’lon qilindi.
Bayonotga ko‘ra, kanadalik yozuvchi Anne Karson “klassik an’analar bilan o‘ynoqi muloqot orqali zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllar yaratgan dadil va yangilikka boy asarlari” uchun mukofotga sazovor bo‘ldi.
2025-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti “ta’sirchan va uzoqni ko‘ra oladigan” asarlari uchun 72 yoshli vengriyalik yozuvchi va ssenariynavis Laslo Krasnaxorkaiga berilgan edi.
Anne Karson kim?
1950-yilda Kanadaning Toronto shahrida tug‘ilgan Karson shoira, yozuvchi, tarjimon va olima sifatida tanilgan.
Toronto universitetida tahsil olgan, magistratura va doktoranturani ham shu universitetda tamomlagan Karson 1979-yildan buyon Kanada va AQShdagi turli oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, Makgill, Michigan, Nyu-York va Prinston universitetlarida klassik adabiyot, qiyosiy adabiyot va ijodiy yozuv bo‘yicha dars bergan.
Karsonning eng mashhur kitoblari qatoriga “Eros the Bittersweet”, “Autobiography of Red”, “Men in the Off Hours” va “The Beauty of the Husband” kiradi.
Bugungi kungacha ko‘plab asarlari va tarjimalari nashr etilgan Karson qator adabiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Karson Kanada adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun 2005-yilda Kanada ordeni bilan taqdirlangan.
Nobel mukofotlari haqida
Shvetsiyalik Alfred Nobelning vasiyatiga binoan, uning vafotidan so‘ng 1900-yil 29-iyunda tashkil etilgan Nobel jamg‘armasi tomonidan insoniyatga xizmat qilganlarga beriladigan mukofotlar dunyodagi eng nufuzli mukofotlar sifatida e’tirof etiladi.
Nobel mukofotlari Shvetsiya Qirollik fanlar akademiyasi, Shvetsiya akademiyasi, Karolinska instituti va Norvegiya Nobel qo‘mitasi tomonidan fizika, kimyo, adabiyot, tinchlik va tibbiyot kabi besh yo‘nalishda eng muvaffaqiyatli deb topilgan shaxslar yoki tashkilotlarga beriladi.
Bundan tashqari, Shvetsiya Markaziy banki 1968-yilda Alfred Nobel xotirasiga iqtisodiyot yo‘nalishida ham mukofot ta’sis etishga qaror qilgan. Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti ilk bor 1969-yilda topshirilgan.
Nobel mukofotlari har yili Alfred Nobel vafot etgan sana — 10-dekabrda o‘tkaziladigan marosimda o‘z egalariga topshiriladi.
Biroq mukofotlar berila boshlangan 1901-yildan buyon ayrim yillarda ular topshirilmagan. Mukofot berilmagan jami 49 holatning aksariyati Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari davriga to‘g‘ri kelgan. COVID-19 pandemiyasi sababli 2020 va 2021-yillarda ham mukofot topshirish marosimlari o‘tkazilmagan.





















