BMT Bosh kotibi matbuot kotibining o‘rinbosari Farhan Haq kundalik matbuot anjumanida so‘zga chiqdi.
Haq sulhga qaramay, kecha va undan oldingi kuni G‘azoning barcha hududlarida ko‘plab havo hujumlari, artilleriya zarbalari, binolarni portlatib vayron qilish, dengizdan o‘t ochish va qurolli hujumlar qayd etilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu qoidabuzarliklar, ayniqsa, “Sariq chiziq” deb ataladigan chegaraning g‘arbida sodir bo‘lgan.
“Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi har doim himoya qilinishi kerakligini yana bir bor ta’kidlaymiz”, — dedi Haq.
BMT va uning hamkorlari G‘azoga shoshilinch zarur bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishda davom etayotganini bildirgan Haq, insonparvarlik yordamlari ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli emasligiga e’tibor qaratdi.
“Hamkorlarimiz mablag‘ yetishmasligi va Isroilning to‘sqinliklari tufayli yordam ko‘rsatish cheklanayotganini aytmoqda. Bular qatoriga motor moyi va ehtiyot qismlar kabi o‘ta zarur mahsulotlar importiga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek, G‘azo hududining 64 foizidan ortig‘iga kirish cheklovlari kiradi”, — dedi Haq.

























